15 yoshgacha — taqiq, 18 yoshgacha — cheklov: Turkiya ijtimoiy tarmoqlar uchun yangi qoidalarni joriy etadi
Yoshi 15 dan kichik ekani aniqlangan foydalanuvchilarning akkauntlari yopiladi.

Turkiyada 15 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlar xizmat ko‘rsatishi taqiqlanadi. Yangi tartib 2026-yil 1-noyabrdan kuchga kiradi. Tegishli nizom 10-oktabr kuni mamlakatning rasmiy hukumat gazetasida e’lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq platformalari foydalanuvchilarning yoshini tekshirishi shart. Bunda yoshni tasdiqlash jarayonida shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish talablariga rioya etilishi, foydalanuvchining aynan yosh mezoniga mos kelishini aniqlash bilan cheklanish ko‘zda tutilgan.
15 yoshga to‘lgan, biroq 18 yoshdan kichik foydalanuvchilar uchun alohida xizmat rejimi joriy etiladi. Ularning akkauntlarida maxfiylik sozlamalari sukut bo‘yicha yoqilgan bo‘lishi, jonli efir va shaxsiylashtirilgan reklamadan foydalanish cheklanishi belgilangan. Shuningdek, bolalar akkauntlarining obunachilari va obuna bo‘lgan sahifalari ro‘yxatini boshqa foydalanuvchilar ko‘ra olmaydi.
Foydalanuvchilarning yoshini tasdiqlash e-Devlet davlat xizmatlari tizimi orqali amalga oshiriladi. Avvaldan ochilgan akkauntlar bo‘yicha yoshni tekshirish jarayoni 2027-yil 31-martgacha yakunlanishi kerak. Yoshi 15 dan kichik ekani aniqlangan foydalanuvchilarning akkauntlari yopiladi.
Yangi qoidalar ota-onalar va vasiylar nazoratini ham kuchaytiradi. Ijtimoiy tarmoqlar ularga bolalarning akkaunt sozlamalarini boshqarish, foydalanish vaqtini cheklash va pulli amaliyotlarni nazorat qilish imkonini beruvchi vositalarni taqdim etishi shart.
Mazkur tartib bolalarning internetdagi xavfsizligini kuchaytirish va ularning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishga qaratilgan.








