13 yoshgacha — taqiq, o‘smirlarga cheklov: Germaniya ijtimoiy tarmoqlarni tartibga solmoqchi
Hukumat bolalarning internetdagi xavfsizligini ta’minlash uchun yangi choralarni ma’qulladi.

Germaniya hukumati bolalarni internetdagi xavflardan himoya qilishga qaratilgan yangi choralarni ma’qulladi. Vazirlar Mahkamasi chorshanba kuni Yevropa Ittifoqining tegishli qoidalari kuchga kirguniga qadar amal qilishi rejalashtirilgan o‘tish choralarini tasdiqladi.
Tashabbusga ko‘ra, 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi, xavfsizligi isbotlangan platformalar bundan mustasno, cheklanadi. 13–18 yoshdagi o‘smirlar uchun ham yoshiga mos cheklovlar joriy etilishi rejalashtirilgan.
Hukumat foydalanuvchilarning yoshini tekshirish uchun 2027-yilda maxsus mobil ilovani ishga tushirishni ko‘zlamoqda. Shuningdek, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga sun’iy intellektdan foydalanish va uning xavflarini tushunishga yordam beradigan ta’lim dasturi ishlab chiqiladi.
Islohot doirasida o‘smirlar uchun platformalarning tavsiya algoritmlariga ham cheklovlar qo‘yilishi, tavsiyalar funksiyasi esa sukut bo‘yicha o‘chirib qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Germaniya rasmiylariga ko‘ra, bu choralar bolalarning raqamli muhitda xavfsiz rivojlanishi va internetdan mustaqil foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida Yevropa komissiyasi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashga qaratilgan qonun loyihasini taklif qilgan edi.








