“Bizning ham tugallanmagan ishlarimiz bor”: Eron AQShni ogohlantirdi
Aroqchi Netanyaxuni AQShni Eron bilan yangi urushga tortishga urinayotganlikda aybladi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQShning mamlakatga qarshi yangi harbiy amaliyotlar o‘tkazishi mumkinligi haqidagi tahdidlariga munosabat bildirdi. U ijtimoiy tarmoqdagi postida Vashingtonni bunday qadamlarning oqibatlari haqida ogohlantirdi.
“Oxirgi marta ‘ishni tugatishni’ xohlaganingizda, Eron o‘sha qarama-qarshilikdan yanada kuchliroq chiqdi. Yana omadingizni sinab ko‘rmoqchimisiz? Marhamat. Lekin ehtiyot bo‘ling: bizning ham tugallanmagan ishlarimiz bor”, — deb yozgan Aroqchi.
Vazir, shuningdek, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni o‘z siyosiy manfaatlari yo‘lida AQShni yana bir urushga tortishga urinayotganlikda ayblagan. Uning ta’kidlashicha, Netanyaxu bunday yo‘l bilan o‘ziga nisbatan huquqiy oqibatlardan qochishga harakat qilmoqda.
Aroqchining bayonoti AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron o‘z siyosatini o‘zgartirmasa, Vashington Eron bilan “ishni oxirigacha yetkazishi” mumkinligi haqida ogohlantirganidan keyin yangragan. Tramp, shuningdek, Netanyaxuning bosh vazir lavozimiga qayta saylanishini qo‘llab-quvvatlagan.
So‘nggi haftalarda AQSh rahbari Eronga qarshi ehtimoliy harbiy harakatlar haqida bir necha bor bayonot bergan. Eronning energetika infratuzilmasi va yadroviy obyektlariga zarba berish ehtimoli ham muhokama qilingan. Tramp esa keyinchalik Eronga qarshi yadro qurolidan foydalanish niyati yo‘qligini bildirgan.








