Kosmik hamkorlik: O‘zbekiston–AQSh Artemida bitimlarini imzoladi
Samarqandda Baxtiyor Saidov va Marko Rubio O‘zbekiston–AQSh strategik sherikligini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Samarqandda AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan O‘zbekiston–AQSh Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining ilk yig‘ilishini o‘tkazdi.
Muzokaralarda ikki davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirish, savdo va investitsiyalarni kengaytirish, energetika, muhim minerallar hamda ilg‘or texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ta’lim, madaniy-gumanitar aloqalar va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Baxtiyor Saidovning ta’kidlashicha, yangi muloqot mexanizmi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda strategik sheriklik doirasida yangi tashabbuslarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ikki tomonlama muzokaralardan so‘ng Baxtiyor Saidov va Marko Rubio Artemida bitimlarini imzoladi. Hujjat Oy, Mars, kometalar va asteroidlardan tinchlik maqsadlarida foydalanish hamda ularni tadqiq etish bo‘yicha hamkorlik tamoyillarini belgilaydi.
Bitim O‘zbekistonning NASA va boshqa ishtirokchi davlatlar kosmik agentliklari bilan hamkorligini kengaytirish, milliy kadrlarni tayyorlash va kosmik texnologiyalar transferi uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Artemida bitimlarini imzolagan 77-davlat bo‘ldi.








