Rossiyaga ketayotgan o‘zbekistonliklar kamaydi: mehnat migrantlari soni 13,2 foizga tushdi
Shu bilan birga, Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 8,8 foizga oshdi.

2026-yilning birinchi yarmida Rossiyaga mehnat qilish uchun borgan O‘zbekiston fuqarolari soni 1,18 million nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,2 foizga kam. Bu haqda Markaziy bankning «Mehnat bozori sharhi»da ma’lum qilindi.
Hisobotga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–iyun oylarida Rossiyaga ishlash uchun borgan o‘zbekistonliklar soni 1,358 million nafar bo‘lgan. Joriy yilning shu davrida esa bu ko‘rsatkich 1,179 million nafarga tushgan.
Shu bilan birga, o‘zbekistonlik mehnat migrantlari boshqa mamlakatlarda ham ko‘paymoqda. Xususan, 2025-yilda Yevropa Ittifoqidagi o‘zbekistonlik migrantlar soni 13,2 foizga, Turkiyada esa 10,7 foizga oshgan.
2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, Turkiyada 70 ming nafar o‘zbekistonlik bo‘lib, bu bir yil avvalgidan 9,3 foizga ko‘p. Janubiy Koreyada esa 102,2 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich yillik hisobda 3,3 foizga oshgan.
Rossiyaga mehnat migratsiyasi qisqarganiga qaramay, ushbu mamlakatdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi o‘sishda davom etgan. 2026-yilning birinchi yarmida Rossiyadan yuborilgan pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,8 foizga ko‘paygan.
Markaziy bank ayrim mamlakatlarda mehnat migratsiyasining qisqarishi kelgusida pul o‘tkazmalari, uy xo‘jaliklari daromadlari va iste’mol talabiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini bildirgan.
Shuningdek, 2026-yilning ikkinchi choragida e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlari soni 9,8 foizga kamaygani qayd etilgan. Shu bilan birga, ish qidiruvchilar faolligi yuqori darajada saqlanib, mehnat bozorida raqobat kuchaygan.








