O'zbekiston

60 km/soat o‘rniga 201 km/soat: Buxoroda Malibu-2 haydovchisi ushlandi

Haydovchi davlat raqamlarini o‘zboshimchalik bilan yechib, avtomobil saloniga qo'ygan va shahar ichida yuqori tezlikda harakatlangan.

60 km/soat o‘rniga 201 km/soat: Buxoroda Malibu-2 haydovchisi ushlandi

 

Buxoro shahrida Malibu-2 rusumli avtomobil haydovchisi tezlik soatiga 60 kilometr etib belgilangan hududda 201 km/soat tezlikda harakatlangan. Bu haqda viloyat YHXB xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, haydovchi avtomobilning davlat raqam belgilarini o‘zboshimchalik bilan yechib, saloniga joylashtirgan. Shundan so‘ng u shahar ko‘chalarida belgilangan tezlik me’yorini 141 km/soatga oshirib, harakatlangan.

 

Avtomobildagi yo‘lovchi qoidabuzarlikni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan. YHXB xodimlari o‘tkazgan surishtiruv ishlari natijasida haydovchi va avtomobil aniqlangan.

 

Haydovchi holat yuzasidan bergan izohida davlat raqamlarini sherigi bilan kelishgan holda yechib qo‘yganini tan olgan va bu ishidan afsusda ekanini bildirgan. Shuningdek, bunday qoidabuzarlikni takrorlamasligini aytgan.

 

Holat yuzasidan haydovchiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-3-moddasi 4-qismi — belgilangan harakat tezligini oshirish hamda 125-moddasi 5-qismi — davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositasini boshqarish bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

 

Avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.