Farmatsevtlar uchun ham bayram: O‘zbekistonda kasb bayrami nomi o‘zgarishi mumkin
Tibbiyot xodimlari kunini Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni deb o‘zgartirish taklif qilindi.

O‘zbekistonda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasini Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni sifatida belgilash taklif etilmoqda. Bu haqdagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Qonun loyihasi bilan “O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritish nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, amaldagi qonundagi “Tibbiyot xodimlari” iborasi “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari” degan so‘zlar bilan almashtiriladi.
Shu tariqa, har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasida nishonlanadigan kasb bayrami farmatsevtika sohasi mutaxassislarini ham qamrab olishi mumkin.
Majlisda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda farmatsevtika sohasi jadal rivojlanmoqda. Ayni paytda mamlakatda 50 mingdan ortiq farmatsevtika mutaxassisi faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda 504 ta farmatsevtika ishlab chiqarish korxonasi, 478 ta distribyutor tashkilot va 14 mingdan ortiq dorixona mavjud.
Qayd etilishicha, taklif etilayotgan o‘zgartirish tegishli qonun hujjatlaridagi tushunchalarni o‘zaro muvofiqlashtirishga ham xizmat qiladi.
Qonun loyihasi qabul qilinishi farmatsevtika xodimlarining jamiyatdagi mavqeini oshirish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga yordam berishi kutilmoqda.








