O‘zbekistonda iste’mol tovarlari tekshiruvi: 73 nomdagi mahsulotda kamchilik topildi
2026-yilning sakkiz oyida 60 turdagi 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazildi.

O‘zbekistondagi chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan 73 nomdagi mahsulot sifat va texnik talablar buzilgan holda ishlab chiqarilgani yoki muomalaga chiqarilgani aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda iste’mol tovarlarining sifati va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini amalga oshirmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, davlat standartlari va normativ-texnik hujjatlar talablariga muvofiqligi baholanadi.
Xususan, 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida 60 turdagi 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Tekshiruvlar natijasida 73 nomdagi mahsulot belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlangan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Raqobat qo‘mitasi iste’molchilar salomatligi va huquqlarini himoya qilish maqsadida nazorat xaridlari davom ettirilishini ma’lum qildi.








