Birida 3 450, boshqasida 1 350 dollar: Umra va’dasi bilan bog‘liq holatlar fosh bo‘ldi
Samarqand va Namanganda fuqarolarni noqonuniy ravishda ziyoratga yuborishni va’da qilib, pul talab qilgan shaxslar ushlandi.

Samarqand va Namangan viloyatlarida fuqarolarni Umra ziyoratiga yuborishni va’da qilib, pul talab qilgan shaxslarga oid qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Birinchi holat Samarqand shahrida qayd etilgan. Bu yerda faoliyat yurituvchi oilaviy korxona vakili tegishli vakolatga ega bo‘lmagan holda fuqaroni va uning ikki nafar qarindoshini Saudiya Arabistoniga Umra ziyoratiga yuborishni va’da qilgan. Buning evaziga u 3 450 dollar talab qilgan.
U talab qilingan mablag‘ning 3 ming dollarini olayotgan vaqtida DXX va Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ikkinchi holat Namangan viloyatida aniqlangan. Namangan tumanida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroni noqonuniy ravishda Umra ziyoratiga yuborishni va’da qilib, undan 1 350 dollar talab qilgan.
U oldindan 1 200 dollar olayotganida DXX va ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlangan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.








