Dunyoda har yili 1 milliard bola zo‘ravonlikka uchraydi — JSST
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti har besh daqiqada bir bola zo‘ravonlik oqibatida halok bo‘lishini ma’lum qildi.

Har yili dunyo bo‘ylab qariyb 1 milliard bola jismoniy, jinsiy yoki ruhiy zo‘ravonlikka duch keladi. Har besh daqiqada esa bir bola zo‘ravonlik oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) Sharqiy O‘rta yer dengizi mintaqaviy byurosi ma’lum qildi.
Tashkilot qayd etishicha, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga uzoq muddatli salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bilan birga, zo‘ravonlik oqibatidagi o‘limlarning oldini olish mumkin.
JSST bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha Pokistonda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga ham e’tibor qaratdi. 14-oktabr kuni JSST va Pokiston Inson huquqlari vazirligi mamlakatda 2026–2031-yillarga mo‘ljallangan bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish milliy strategiyasini ishga tushirdi.
Hujjat 120 million nafar bola uchun profilaktika va himoya choralarini kuchaytirishni nazarda tutadi. Strategiyada keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Pokistondagi bolalarning qariyb 80 foizi ota-onalar tomonidan qo‘llanadigan zo‘ravon tarbiya usullariga duch keladi.
Shuningdek, internetdan foydalanuvchi 12–17 yoshli har 16 o‘smirdan biri raqamli texnologiyalar orqali ekspluatatsiya yoki zo‘ravonlikka duch keladi. Mamlakatda 8,6 million bola bolalar mehnatiga jalb qilingan. Besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning 57 foizdan ortig‘i esa tug‘ilganlik bo‘yicha rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagan.
JSST ta’kidlashicha, tug‘ilganlikning ro‘yxatga olinmagani bolalarning himoya tizimlari va asosiy xizmatlardan foydalanishini cheklab, ularni turli xavflarga nisbatan zaiflashtirishi mumkin.
Milliy strategiya bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, e’tiborsizlik va ekspluatatsiyaning turli shakllariga qarshi kurashish, jabrlangan bolalarni himoya qilish, ularning tiklanishi va jamiyatga qayta moslashuvini qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutadi. Hujjatda erta turmush qurish, odam savdosi va bolalar mehnati kabi muammolarga ham alohida e’tibor qaratilgan.








