Reklamalarda davlat tili talablari buzilmoqda: 4 496 ta kamchilik aniqlandi
Kamchiliklarning asosiy qismi boshqa tillarda yozilgan peshlavha va reklamalarga, shuningdek, imloviy xatolar hamda so‘zlar ma’nosining buzilishiga taalluqli.

O‘zbekistonda reklama va tashqi yozuvlarning davlat tili talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘tkazilgan monitoringlarda 4 496 ta kamchilik aniqlangan. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil davomida respublika hududlarida jami 16 057 ta monitoring o‘tkazilgan. Natijada quyidagi kamchiliklar qayd etilgan:
-
2 344 ta peshlavha, tashqi yozuv va boshqa e’lonlar matni boshqa tillarda berilgan;
-
975 ta tashqi reklama matnida davlat tili talablariga rioya etilmagan;
-
841 ta peshlavha, tashqi yozuv va boshqa e’londa lug‘aviy ma’no buzilishi hamda imloviy xatolar aniqlangan;
-
336 ta tashqi reklama vositasidagi matnlarda ham shunday xatolarga yo‘l qo‘yilgan.
Qo‘mita aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rgan va reklama hamda axborot matnlarini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirishni ta’minlagan.
O‘rganishlar davomida, xususan, go‘zallik salonlari, avtoservislar va qurilish materiallari savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga reklama joylashtirishda davlat tili hamda reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etish yuzasidan tushuntirishlar berilgan.
«Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatiladi. Reklama mazmuni qonunchilikda belgilangan talablar asosida boshqa tillarda ham takrorlanishi mumkin. Bunda tovar va xizmat ko‘rsatish belgilarining qonuniy ro‘yxatdan o‘tgan asl shakli hamda tili saqlanishi lozim.
Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlarni tashqi reklama, peshlavha va axborot ko‘rsatkichlarini joylashtirishda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etishga chaqirdi. Bu yo‘nalishdagi monitoring ishlari davom ettirilmoqda.








