Tayvanda “Champi” to‘foni xavfi: qariyb mingta aviareys bekor qilindi
Tabiiy ofat oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, 163 kishi jarohatlandi.

Tayvanda “Champi” to‘foni yaqinlashishi sababli hududlarning katta qismida faoliyat to‘xtatildi. Kuchli shamol va jala yomg‘irlar kuzatilayotgan orolda 262 ta ichki va 717 ta xalqaro aviareys bekor qilindi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Tayvan Markaziy meteorologiya boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, to‘fon markazi yaqinidagi shamol tezligi soatiga 191 kilometrga yetgan. U oroldan sharqda, taxminan 170 kilometr masofada joylashgan. Prognozlarga ko‘ra, to‘fon juma kuni kechqurun Tayvanning shimoli-sharqiy qirg‘oqlari yaqinidan o‘tib, Xitoy qirg‘oqlari tomon yo‘naladi va keyinchalik Yaponiyaning janubiga yetib boradi.
Tabiiy ofat oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, 163 kishi jarohatlangan. Hukumat tog‘li hududlardan 2 639 kishini evakuatsiya qilgan. Shuningdek, 77 mingdan ortiq xonadon elektr ta’minotisiz qolgan, biroq keyinchalik ularning aksariyatida elektr energiyasi tiklangan.
Meteorologlar to‘fonning shamol ta’sir qiladigan hududi qariyb 320 kilometrni tashkil etishini bildirdi. Mutaxassislar uning ta’siri qariyb ikki kun davom etishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Tayvanning shimoliy tog‘li hududlarida, jumladan, poytaxt Taybey atrofida bir metrgacha yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.
Mahalliy hokimiyatlar xavfli hududlarda qum solingan qoplarni tarqatib, qutqaruv texnikalarini shay holatga keltirgan. Ayrim qirg‘oqbo‘yi hududlari aholisiga shamol tezligi soatiga 150 kilometrdan oshishi mumkinligi haqida ogohlantirishlar yuborilgan.
To‘fon sababli Tayvan moliya bozorlari ham juma kuni faoliyatini to‘xtatdi. Mamlakatning shimoli va janubini bog‘lovchi tezyurar temiryo‘l qatnovi esa odatdagi tartibda davom etdi. Poytaxt Taybeyda metro va boshqa jamoat transporti xizmatlari qisqartirilgan jadval asosida ishladi.
Dunyodagi eng yirik shartnoma asosida mikrochip ishlab chiqaruvchi TSMC kompaniyasi to‘fon uning faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaganini va ish jarayonlari odatdagi tartibda davom etayotganini ma’lum qildi.
Prognozlarga ko‘ra, “Champi” to‘foni dastlab Yaponiyaning Okinava prefekturasidagi Yonaguni oroli yaqinidan o‘tadi.








