Jahon

Ukraina bo‘yicha muzokaralar noyabrda Abu-Dabida o‘tkazilishi mumkin — Peskov

Kreml Ukraina bo‘yicha muzokaralar dastlab Rossiya, AQSh va Ukraina ishtirokida o‘tishini bildirdi.

Ukraina bo‘yicha muzokaralar noyabrda Abu-Dabida o‘tkazilishi mumkin — Peskov

 

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni hal qilish bo‘yicha uch tomonlama muzokaralar noyabr oyining birinchi yarmida Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki uchrashuv Rossiya, AQSh va Ukraina vakillari ishtirokida uch tomonlama formatda tashkil etiladi. Muzokaralarning aniq sanasi hozircha belgilanmagan.

 

Peskovning ta’kidlashicha, muhokamalarning asosiy mavzularidan biri tinchlik kelishuviga erishilganidan keyin Rossiya va Ukraina xavfsizligini ta’minlash masalasi bo‘ladi. Uning fikricha, xavfsizlik masalalarini hal qilmasdan turib, keng qamrovli kelishuvga erishish qiyin.

 

Shuningdek, kelgusidagi muhokamalarda Yevropa vakillari ham ishtirok etishi mumkin. Biroq bu Yevropa davlatlarining muzokaralarga nisbatan pozitsiyasiga bog‘liq bo‘ladi. Peskov Yevropa xavfsizlik arxitekturasini muhokama qilishda boshqa ishtirokchilarni chetlab o‘tish mumkin emasligini qayd etdi.

 

Avvalroq, 21-oktyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Vitkoff Sankt-Peterburgdagi uchrashuvda uch tomonlama muzokaralar o‘tkazish masalasini muhokama qilgan edi.