To‘rt yillik sukunatdan keyin ziddiyat kuchaydi: Ar-Riyodda portlashlar eshitildi
Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya husiylar uchirgan ballistik raketani urib tushirgan.

Xitoyning Sinxua axborot agentligi xabariga ko‘ra, 23-oktabr kuni ertalab Ar-Riyodda kuchli portlashlar sodir bo‘lgan. Mahalliy aholiga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf haqida ogohlantirishlar berilgan.
Reuters Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiyaga tayanib, Yamandagi husiylar tomonidan Ar-Riyod tomon uchirilgan ballistik raketa urib tushirilganini ma’lum qildi.
Husiylar va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ziddiyat avgust oyida, to‘rt yillik nisbiy sukunatdan keyin yana kuchaydi. Xabarlarga ko‘ra, husiylar Qizil dengizda Saudiya Arabistoni tankerlariga hujum qilgan. Bu esa Ar-Riyod qo‘llab-quvvatlaydigan Yaman hukumat kuchlarining Sano aeroportiga hujumiga javob sifatida ko‘rilgan.
Hozircha Ar-Riyoddagi portlashlar oqibatida halok bo‘lganlar yoki jarohatlanganlar haqida ma’lumot keltirilmagan.







