Turkiyadagi ko‘mir konida metan portladi: uch kishi halok bo‘ldi
Jarohatlangan besh nafar konchi shifoxonaga yotqizilgan.

Turkiyaning Zonguldak viloyati Kilimli tumanidagi xususiy ko‘mir konida 23-oktabr kuni metan portlashi sodir bo‘ldi. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.
Hodisa Gelik qishlog‘i yaqinidagi kon hududida yuz bergan. Voqea joyiga qutqaruvchilar, o‘t o‘chiruvchilar, tibbiyot xodimlari va Turkiya Tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi (AFAD) vakillari yuborilgan.
Dastlab, portlash oqibatida ikki konchi halok bo‘lgani ma’lum qilingan. Yana besh kishi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Shuningdek, bir konchi yer ostida qolib ketgan. Qutqaruv ishlari davomida uning jasadi topilgan va halok bo‘lganlar soni uch nafarga yetgan.
Turkiya Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, portlash metan gazining to‘planishi oqibatida yuz bergan. Hodisaning boshqa tafsilotlari va jarohatlanganlarning ahvoli haqida hozircha aniq ma’lumot berilmagan.
Turkiya Ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchi favqulodda xizmatlar voqea joyida zarur ishlarni olib borayotgani va vaziyat nazorat qilinayotganini bildirgan. Fojia yuzasidan tergov boshlangan.








