Xitoyda 7 magnitudali zilzila: kamida 16 kishi halok bo‘ldi
339 ta oilaning uyi vayron bo‘lgan, qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Xitoyning Tibet avtonom viloyatidagi Nagchu shahri yaqinida 7 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda Sinxua axborot agentligi mahalliy favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga tayanib xabar berdi.
Zilzila oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘lgan, 32 kishi jarohatlangan. Jabrlanganlarning 11 nafari og‘ir ahvolda ekani ma’lum qilingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zilzilada 339 ta oilaning uyi vayron bo‘lgan. Qutqaruvchilar hududda qidiruv-qutqaruv ishlarini davom ettirmoqda, jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Ayni paytda yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.
Xitoy Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, zilzila o‘chog‘i 10 kilometr chuqurlikda joylashgan. Hodisadan so‘ng mamlakatda favqulodda vaziyatlarga javob berish tizimining to‘rtinchi darajasi faollashtirilib, zarar ko‘rgan hududga maxsus guruh yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil yanvar oyida Tibetning Shigatse shahri yaqinidagi Tingri okrugida 6,8 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan va 120 kishi halok bo‘lgandi.







