Jahon

Folbindan mijozgacha nazoratda: maxsus ro‘yxat shakllantirilmoqda

Ichki ishlar vazirligi folbinlar, sehrgarlar, fohishalar, ularning mijozlari va oila a’zolarini maxsus ma’lumotlar bazasiga kiritib, doimiy monitoring qilishni boshladi.

Folbindan mijozgacha nazoratda: maxsus ro‘yxat shakllantirilmoqda

 

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi folbinlar, sehrgarlar, fohishalar, ularning mijozlari va oila a’zolarini doimiy monitoring qilish maqsadida maxsus ma’lumotlar bazasini shakllantirmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

 

Ro‘yxatga giyohvand moddalar bilan bog‘liq faoliyatga aloqador shaxslar va boshqa toifalar ham kiritilmoqda. Vazirlik ushbu choralarni xurofot, folbinlik va jodugarlikning oldini olish zarurati bilan izohlagan.

 

Bayonotda ma’lumotlar bazasiga kiritilgan shaxslar doimiy monitoring ostida bo‘lishi, ular haqidagi ma’lumotlar esa tegishli organlarning so‘roviga binoan taqdim etilishi qayd etilgan.

 

Shuningdek, vazirlik fuqarolarni o‘zlari maxsus ro‘yxatga tushib qolmaslik va oilasi oldida obro‘siga putur yetkazmaslik uchun unda ko‘rsatilgan toifadagi shaxslardan uzoqroq yurishga chaqirgan.

 

2024-yil avgust oyida ham Tojikiston Ichki ishlar vazirligi folbinlar va sehrgarlarni ro‘yxatga olish boshlanganini ma’lum qilgan edi. O‘shanda ularga murojaat qilgan fuqarolar politsiya bo‘limlariga chaqirilishi, fotosuratlari va shaxsiy ma’lumotlari maxsus bazaga kiritilishi aytilgan.

 

Shu yilning aprel oyida mamlakatda tabiblar, folbinlar, sehrgarlar va tumor yasovchilar niqobi ostida firibgarlik yoki aldov sodir etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif qilingan. Bunday huquqbuzarliklar uchun olti oygacha majburiy mehnat jazosi belgilanishi mumkinligi xabar qilingan.

 

Tojikistonda jodugarlik va folbinlik uchun 80–100 hisoblash ko‘rsatkichi miqdorida jarima yoki 10–15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin. Bir yil ichida takroran sodir etilgan huquqbuzarlik uchun esa bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgani xabar qilingan.

 

2026-yilning birinchi yarmida Dushanbeda folbinlik bilan bog‘liq 93 ta holat aniqlangan. Shulardan beshta takroriy holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, yana 11 nafar fuqaro folbinlar xizmatidan foydalangani uchun jarimaga tortilgan.