Jahon

Putin muzokaralarga rozi bo‘ldi: Rossiya, Ukraina va AQSh uchrashuvi kutilmoqda

Kreml muzokaralar 10-noyabr yoki undan keyin Abu-Dabida o‘tkazilishi mumkinligini ma’lum qildi.

Putin muzokaralarga rozi bo‘ldi: Rossiya, Ukraina va AQSh uchrashuvi kutilmoqda

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh vositachiligida Ukraina bilan uch tomonlama tinchlik muzokaralarini kelasi oy qayta boshlashga rozilik bildirdi. Kreml ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralar Abu-Dabida 10-noyabr yoki undan keyin boshlanishi mumkin. Bu haqda Reuters xabar berdi.

 

Bu kelishuv Putin va AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoffning Sankt-Peterburgda qariyb uch soat davom etgan uchrashuvida muhokama qilingan. Uchrashuv Uitkoffning Rossiya prezidenti bilan yuzma-yuz to‘qqizinchi muloqoti bo‘ldi.  Muzokaralarda Rossiya prezidentining maxsus investitsiya vakili Kirill Dmitriyev ham qatnashdi.

 

Kremlga ko‘ra, bo‘lajak muzokaralarda urush yakunlanganidan keyin Rossiya va Ukraina xavfsizligini kafolatlash masalalari ko‘rib chiqiladi. Biroq Moskva Uitkoffning bir kun avval Osloda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, Finlyandiya va Norvegiya yetakchilari, shuningdek, Yevropa davlatlari va NATO vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvi natijalaridan to‘liq mamnun emasligini bildirdi.

 

Kreml yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, Uitkoff Oslo muzokaralarida muayyan siljish kuzatilganini qayd etgan, AQSh rasmiysi esa Ukraina yangi takliflarni ilgari surganini bildirgan.

 

Uchrashuvda Rossiya va AQSh o‘rtasidagi qo‘shma iqtisodiy loyihalar, jumladan, amalga oshirilish arafasida turgan tashabbuslar muhokama qilingan. 

 

Uitkoff Putin ko‘rib chiqishi uchun ehtimoliy tinchlik kelishuviga oid hujjatlarni olib kelgan. Trampning kuyovi Jared Kushner ham muzokaraga telefon orqali qo‘shilib, o‘z takliflarini yetkazgan. Putin, shuningdek, Eron bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda Trampga yordam berishni va AQShga katta miqdorda mineral o‘g‘it yetkazib berishni taklif qilgan.

 

Bundan tashqari, kelasi oy Xitoyda Putin, Tramp va Xitoy prezidenti Si Szinpin ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish imkoniyati ham muhokama qilingan. Kreml ma’lumotiga ko‘ra, Pekin bunday uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

 

Reuters qayd etishicha, Rossiya va Ukraina ehtimoliy tinchlik kelishuvining shartlari borasida hamon keskin farqli pozitsiyalarda turibdi. Putinning asosiy talablari orasida Donetsk viloyatini to‘liq Rossiya nazoratiga o‘tkazish va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lmasligi bor. Moskva vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishdan ko‘ra, keng qamrovli tinchlik kelishuvini ma’qul ko‘radi.

 

Shu bilan birga, Tramp Kiyevga urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishish yuzasidan bosimni kuchaytirmoqda. Zelenskiy esa urushni tugatishning asosiy masalalarini Putin va Tramp bilan uch tomonlama uchrashuvda muhokama qilishga umid bildirgan.

 

Vashington va Kiyev o‘rtasidagi munosabatlar AQShning Rossiya bilan dizel yoqilg‘isi eksporti bo‘yicha kelishuvni e’lon qilganidan so‘ng yomonlashgani xabar qilingan. Ukraina, shuningdek, ayrim razvedka ma’lumotlari almashinuvi va Starshield sun’iy yo‘ldosh tizimidan foydalanishda uzilishlar yuz berganidan shikoyat qilgan. Zelenskiy Oslodagi uchrashuvda bu muammolarni hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytgan.

 

The Wall Street Journal nashri AQSh rasmiylari va vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, Ilon Mask o‘tgan hafta Ukrainaga Rossiyaning ballistik raketa hujumlarini kuzatishda yordam beradigan Starlink tizimining harbiy darajadagi versiyasi ishini sekinlashtirishni buyurgani haqida xabar bergan. Reuters bu ma’lumotni mustaqil ravishda tasdiqlay olmagan.

 

Mask bunday qarorlar AQSh harbiylari yoki prezidenti tomonidan qabul qilinishini bildirgan. Tramp esa bunga aloqasi yo‘qligini aytgan. AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham Vashington Kiyevning Starlink tizimidan foydalanish imkoniyatlarini cheklamaganini ta’kidlagan.