Jahon

Saylovdan keyingi reja: AQSh va Isroil Eronga qarshi operatsiyani ko‘rib chiqmoqda

Ehtimoliy hujumlarda yadroviy inshootlar, energetika infratuzilmasi, raketa va dron arsenallari nishonga olinishi mumkin.

Saylovdan keyingi reja: AQSh va Isroil Eronga qarshi operatsiyani ko‘rib chiqmoqda

 

AQSh va Isroil harbiy idoralari Eronga qarshi yangi zarbalar berish rejalarini ishlab chiqqan. Bu haqda The New York Times nashri manbalariga tayanib xabar berdi.

 

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ehtimoliy nishonlar qatoriga Eronning yadroviy inshootlari, energetika infratuzilmasi, raketa va dron arsenallari kiradi. Shuningdek, Kolang Gaz La tog‘i ostida joylashgani taxmin qilinayotgan yadroviy inshoot ham nishonga olinishi mumkin.

 

Biroq, ayrim rasmiylarning aytishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp yoqilg‘i narxlarining yanada oshishidan xavotirlanayotgani sababli Eronning neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berishdan tiyilishi mumkin.

 

NYT qayd etishicha, Tramp hozircha saylovlardan keyin harbiy harakatlarni qayta boshlash bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilmagan.

 

Nashr manbalari yangi hujumlar avvalgi, fevraldan aprelgacha davom etgan AQSh-Isroil bombardimon kampaniyasidan ko‘ra samaraliroq bo‘lishiga shubha bildirmoqda. Avvalgi hujumlar global energiya narxlarining oshishi, inflyatsiyaning kuchayishi va AQShning tutuvchi raketalar zaxirasi kamayishiga olib kelgani aytiladi.

 

8-oktyabr kuni Tramp AQSh oraliq Kongress saylovlaridan oldin Eronga zarba berish niyatida emasligini bildirgan. U, shuningdek, Eron bilan mojaro saylovlar arafasida yoki undan keyin tez orada yakunlanishi mumkinligini bir necha bor ta’kidlagan.