Isroil G‘arbiy sohilda harbiy operatsiya boshladi: ikki shahar blokadaga olindi
Operatsiya 23-oktyabr kuni ikki nafar Isroil harbiysi halok bo‘lgan hujumdan keyin boshlandi.

Isroil armiyasi Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi Xevron shahri va uning atrofida bir necha kun davom etishi kutilayotgan keng ko‘lamli harbiy operatsiyani boshladi. Operatsiya doirasida Xevron va unga qo‘shni Xalxul shaharlari blokadaga olingan.
Isroil armiyasi va ichki xavfsizlik xizmati — SHABAK 23-oktyabr kuni Isroil harbiylariga qilingan hujumdan keyin tintuvlar boshlanganini ma’lum qildi. Hujum oqibatida ikki nafar harbiy halok bo‘lgan, yana uch nafari yaralangan. Hujumda gumon qilingan ikki nafar falastinlik o‘ldirilgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu harbiylar yirik teraktning oldini olganini bildirib, Xevronni zudlik bilan blokadaga olishga buyruq bergan.
Isroil armiyasi va SHABAK qo‘shma bayonotida operatsiya hududda terrorchilik infratuzilmasi hamda qurollarni aniqlash va yo‘q qilishga qaratilganini ta’kidlagan. Amaliyotda chegara politsiyasi va fuqarolik ma’muriyati ham qatnashmoqda.
Xevron va Xalxulda yo‘llarga to‘siqlar o‘rnatilgan. Mahalliy aholi hududni faqat uchta belgilangan nazorat-o‘tkazish punkti orqali, tekshiruvdan o‘tganidan keyin tark etishi mumkin. Isroil harbiylari xavfsizlikka tahdid soladi, deb hisoblangan noqonuniy qurilmalarni ham buzishni rejalashtirmoqda.
Isroil tomonining bildirishicha, operatsiyaning asosiy qismi hujumchilar harakatlangan hududda olib borilmoqda. Shu bilan birga, G‘arbiy sohilning boshqa o‘nlab aholi punktlarida ham harbiy amaliyotlar o‘tkazilmoqda.
Vaziyat Isroilda 27-oktyabrga belgilangan parlament saylovlariga bir necha kun qolganida keskinlashdi.








