O'zbekiston

Beruniyda kredit qarzi sabab savdo markazi sotilib ketdi

Auksion savdolarida noturar bino 1,4 mlrd so‘mga sotilib, sotuvdan tushgan pul mablag‘lari qarzdorning bank oldidagi qarzdorligini qoplashga yo‘naltirilgan.

Beruniyda kredit qarzi sabab savdo markazi sotilib ketdi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining qaroriga asosan, qarzdor “S.P.” MCHJdan “Biznesni rivojlantirish banki” ATB foydasiga 2 mlrd so‘m undirish, undiruvni Beruniy tumani, “Markaziy” MFYda joylashgan noturar binoga qaratish belgilangan.


Ushbu sud qarori bo‘yicha chiqarilgan ijro hujjati Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Alohida muhim ijro ishlarini ijro etish bo‘limi ish yurituviga kelib tushib, bo‘lim tomonidan ijro harakatlariga kirishilgan.


Xususan, bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga ushbu ijro hujjati ijrosini taʼminlash uchun 15 kunlik ixtiyoriy muddat berilib, sud qarorining ijrosini taʼminlamaslik oqibatlari tushuntirilgan.


Shunga qaramasdan, qarzdor tomonidan ijro hujjati talabi ixtiyoriy ravishda bajarilmaganligi sababli, garov mulki bo‘lgan bino tegishli tartibda xatlovga olinib, elektron onlayn-auksion savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarilgan.



O‘tkazilgan auksion savdolarida noturar bino 1,4 mlrd. so‘mga sotilib, sotuvdan tushgan pul mablag‘lari qarzdorning bank oldidagi qarzdorligini qoplashga yo‘naltirildi.