Urush davom etmoqda: Ukrainada harbiy holat yana 90 kunga uzaytirildi
2022-yil fevralidan beri amal qilib kelayotgan harbiy holat va umumiy safarbarlik muddati navbatdagi bor uzaytirilmoqda.

26-oktyabr kuni Ukraina Oliy Radasi mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik muddatini yana 90 kunga uzaytirishni ma’qulladi. Tegishli qonun loyihalarini prezident Vladimir Zelenskiy parlamentga taqdim etgan.
Oliy Rada yalpi majlisi translyatsiyasiga ko‘ra, harbiy holat muddatini uzaytirishni 293 nafar deputat, umumiy safarbarlikni uzaytirishni esa 281 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan. Yana 280 nafar deputat qonun loyihalarini parlament spikeri tomonidan imzolash va prezidentga taqdim etish uchun ovoz bergan.
Qabul qilingan qarorga ko‘ra, harbiy holat va umumiy safarbarlik muddatini 2026-yil 31-oktyabrdan 2027-yil 29-yanvargacha uzaytirish ko‘zda tutilgan.
Ukrainada harbiy holat va umumiy safarbarlik 2022-yil 24-fevralda, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlangan kuni joriy etilgan. Shundan buyon ushbu choralar muntazam ravishda uzaytirib kelinmoqda.
Avvalroq, 2026-yil iyul oyida parlament harbiy holat va umumiy safarbarlik muddatini 2-avgustdan 31-oktyabrgacha uzaytirgan edi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy avvalgi bayonotlarida mamlakatda harbiy holat xavfsizlik kafolatlari ta’minlanmaguncha bekor qilinmasligini bildirgan.








