Noqonuniy yo‘lovchi tashish mojarosi: Janubiy Koreyada o‘zbekistonlik erkak taksi haydovchisini kaltaklashda gumonlanmoqda
Haydovchini kaltaklashda gumonlanayotgan 30 yoshlardagi O‘zbekiston fuqarosining shaxsini videokuzatuv yozuvlari orqali aniqlagan.

Janubiy Koreyaning Kyongi provinsiyasi Xvasong shahrida 30 yoshlardagi O‘zbekiston fuqarosi 50 yoshlardagi taksi haydovchisini kaltaklaganlikda gumon qilinmoqda. Hodisa haydovchi uning litsenziyasiz, haq evaziga yo‘lovchi tashishiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lganida yuz bergan.
Mahalliy politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, voqea 18-oktyabr kuni tungi soat 02:00 atrofida Xvasong shahrining Hyangnam hududida sodir bo‘lgan.
Haydovchi taksi to‘xtash joyi yaqinida shaxsiy avtomobilida xorijlik yo‘lovchilarni olib ketmoqchi bo‘lgan erkakni ko‘rgan. U erkakning harakatini to‘xtatishga uringan va voqeani telefoniga yozib olib, politsiyaga xabar bermoqchi bo‘lgan.
Shu payt erkak haydovchining jag‘iga musht tushirgan. Haydovchi yerga yiqilib, qisqa muddatga hushini yo‘qotgan. Gumonlanuvchi u yiqilganidan keyin ham mushtlash va tepishda davom etgan.
Hushiga kelgan haydovchi taksisi ichidagi radioaloqa qurilmasi orqali politsiyaga xabar bergan. Uning aytishicha, hodisadan keyin ham ishga qayta olmagan.
Politsiya 22-oktyabr kuni taksidagi videokuzatuv yozuvlari va yaqin atrofdagi kuzatuv kameralari tasvirlari orqali gumonlanuvchining shaxsini aniqlagan. Huquq-tartibot idoralari uni so‘roq qilishni, shuningdek, litsenziyasiz yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullangan yoki shug‘ullanmaganini tekshirishni rejalashtirgan. Jabrlanuvchining jarohatlari holatiga qarab, gumonlanuvchiga qo‘yiladigan ayblovni tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq ayblovga o‘zgartirish masalasi ham ko‘rib chiqilishi mumkin.
Xvasongda noqonuniy yo‘lovchi tashish muammosi
Xvasong shahrining xorijlik ishchilar ko‘p yashaydigan Hyangnam, Baran va Namyang hududlarida shaxsiy avtomobillarda haq evaziga yo‘lovchi tashish holatlari uzoq vaqtdan beri muammo bo‘lib kelmoqda. Ayrim haydovchilar taksi bekatlarida kutayotgan mijozlarni litsenziyali taksilardan olib ketishi aytiladi.
May oyida Kyongi provinsiyasi janubiy politsiyasi Xvasong hududida noqonuniy yo‘lovchi tashish orqali kuniga 100–150 ming von daromad olgan 29 nafar xorijlikni aniqlagan. Ularning ayrimlari haydovchilik guvohnomasisiz avtomobil boshqargani ham ma’lum bo‘lgan.








