Jahon

Eron Isroil saylovlari arafasida hujum uyushtirishi mumkin — Netanyaxu

Isroil bosh vaziri ehtimoliy hujumga kuchli javob qaytarilishini bildirdi.

Eron Isroil saylovlari arafasida hujum uyushtirishi mumkin — Netanyaxu

 

Benyamin Netanyaxu Eron va u qo‘llab-quvvatlayotgan kuchlar mamlakatdagi parlament saylovlariga xalaqit berish maqsadida Isroilga hujum uyushtirishga urinishi mumkinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Isroil armiyasi mudofaa va hujum harakatlariga tayyor.

 

Netanyaxu bu haqda yakshanba kuni videomurojaatida ma’lum qilgan.

 

“Bizda Eron va u qo‘llab-quvvatlayotgan kuchlar saylovlarni buzish maqsadida bizga hujum qilishga urinishi mumkinligi haqida razvedka ma’lumotlari bor”, — degan Isroil bosh vaziri.

 

U ehtimoliy hujum sodir etilgan taqdirda, Isroil Eron va uning ittifoqchilariga kuchli javob zarbasi berishini bildirgan.

 

“Ularga tasavvur qilganingizdan ham kuchliroq, nomutanosib zarbalar beriladi”, — deya ogohlantirgan Netanyaxu.

 

Juma kuni Isroil armiyasi bosh shtabi rahbari, general-leytenant Eyal Zamir parlament saylovlari oldidan Eronga zarbalarni qayta boshlash uchun hozircha operatsion zarurat yo‘qligini aytgan. Shu bilan birga, u zarba berish zarur deb topilsa, armiya buni amalga oshirishini ta’kidlagan.

 

Isroil 27-oktabrga belgilangan Knesset — parlament saylovlari arafasida jangovar tayyorgarlik darajasini oshirgan. Saylov natijalariga ko‘ra, mamlakatning navbatdagi hukumati shakllantiriladi.

 

Netanyaxuning bayonoti AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy va diplomatik xodimlarini bosqichma-bosqich evakuatsiya qilayotgani haqidagi xabarlar fonida yangragan.