“Tinchlik kelishuvi bo‘lmasa, 200 foizlik boj” — Tramp
AQSH prezidenti tariflar sakkizta mojaroni tugatishga yordam berganini aytib, bu yondashuvni Rossiya va Ukrainaga nisbatan ham qo‘llash mumkinligini bildirdi.

Donald Tramp Rossiya va Ukrainaga tinchlik kelishuviga erishilmagani sababli 200 foizlik tariflar joriy etish imkoniyatini tilga oldi. Biroq u bunday choraning samaradorligiga ham shubha bildirdi.
Tramp bu haqda Florida shtatining Fort-Mayers shahrida respublikachilar ishtirokidagi saylovoldi mitingida gapirdi.
“Tariflar bizga sakkizta urushni tugatishga yordam berdi. Balki bu yondashuvni darhol Ukraina va Rossiyaga nisbatan qo‘llashimiz kerakdir. Men bu haqda ilgari o‘ylamagan edim, lekin bu baribir ishlamasligi mumkin, chunki biz ulardan ko‘p narsa sotib olmaymiz”, — degan u.
Tramp AQSh prezidentligiga qaytganidan beri sakkizta mojaroni tugatishga yordam berganini ta’kidlab keladi. Oq uy bu ro‘yxatga Armaniston va Ozarbayjon, Tailand va Kambodja, Isroil va Eron, Isroil va HAMAS, Ruanda va Kongo Demokratik Respublikasi, Hindiston va Pokiston, Serbiya va Kosovo, shuningdek, Misr va Efiopiya o‘rtasidagi mojarolarni kiritgan. Ularning barchasi ham harbiy to‘qnashuvlardan iborat emas.
Tramp Ukrainadagi mojaroni hal qilish avvalgidan ham yaqinlashganini aytgan edi. U Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan urushni tugatish masalasini muhokama qilganini bildirib, tomonlar kelishuvga har qachongidan yaqinroq ekanini ta’kidlagan. Biroq AQSh prezidenti tinchlikka erishish uchun aniq muddatni aytmagan.
21-oktabr kuni Putin Sankt-Peterburgda Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashgan. Uch soatdan ortiq davom etgan muzokaralarda Ukrainadagi mojaroni hal qilish masalasi ham muhokama qilingan. Uitkoff Rossiya rahbariga kelishuv bo‘yicha takliflarni o‘z ichiga olgan hujjatlarni taqdim etgan va Oslo muzokaralari natijalari haqida ma’lumot bergan.
Uchrashuvdan so‘ng Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Moskvaning noyabr oyining birinchi yarmida AQSh va Ukraina bilan uch tomonlama muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini bildirgan. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Putin Amerika vakili taqdim etgan takliflarni o‘rganib, baholashini aytgan.
Putin avvalroq mojaroni Rossiya uchun maqbul shartlar asosida yakunlash muhimligini aytgan. Uning ta’kidlashicha, maqsad vaqtinchalik sulhga erishish emas, balki uzoq muddatli tinchlik uchun sharoit yaratishdir.
Moskva Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini bir necha bor bildirgan. Rossiya G‘arb sanksiyalarini esa samarasiz va noqonuniy deb hisoblaydi.








