Yog‘ingarchilik kam, shamol kuchsiz: Mutaxassislar poytaxtdagi vaziyatni izohladi
Hafta davomida Toshkentda quruq ob-havo kutilmoqda.

Toshkentda havo sifatining yomonlashishiga yog‘ingarchilikning kamligi, shamolning nisbatan kuchsizligi va yirik chang massalarining kirib kelishi sabab bo‘lmoqda.
Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, hafta davomida Toshkentda nisbatan iliq va quruq ob-havo kuzatiladi. Kunduzi havo harorati 18–20 daraja, kechasi esa 8–10 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bunday meteorologik sharoitda 1-noyabrgacha atmosfera inversiyasi yuzaga kelishi mumkin.
Yog‘ingarchilikning kamligi, shamol tezligining pastligi va inversiya atmosfera havosining tabiiy tozalanish jarayonini sekinlashtirishi mumkin. Shu sababli 1-noyabrgacha Toshkentda chang zarralari va boshqa ifloslantiruvchi moddalar miqdori oshishi yoki yuqori darajada saqlanib qolishi ehtimoli bor.
O‘zgidromet havo sifatining haqiqiy holati va uning o‘zgarishi ifloslantiruvchi moddalar chiqindilari hajmi, shamol tezligi va yo‘nalishi hamda boshqa meteorologik omillarga ham bog‘liqligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun: atmosfera inversiyasi — havo harorati balandlik ortishi bilan pasayish o‘rniga ko‘tariladigan meteorologik hodisa. Bunda yer yuzasiga yaqin sovuq havo qatlami ustida iliqroq havo qatlami shakllanadi. Natijada vertikal havo almashinuvi cheklanib, chang va boshqa ifloslantiruvchi moddalar atmosferaning quyi qatlamida to‘planishi mumkin.








