Tibbiyot mutaxassislariga 5,5 million so‘mgacha ustama: yangi tartiblar e’lon qilindi
Tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish choralari ham belgilanmoqda.

Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvda malakali kadrlar tayyorlash masalasiga to‘xtaldi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, zamonaviy klinikalar qurish va ilg‘or uskunalar bilan ta’minlashning o‘zi yetarli emas — buning uchun malakali mutaxassislar ham zarur.
Bugungi kunda mamlakatdagi 11 ta davlat oliygohida yiliga 15 ming nafar shifokor tayyorlanmoqda. Biroq bitiruvchilarning barchasi ham ish boshlagan ilk kunidan bemorlar bilan mustaqil ishlashga tayyor emas.
“Boshqa sohada yosh xodim xato qilishi mumkin, ammo bo‘lg‘usi shifokorning bunga haqqi yo‘q. Chunki tibbiyot xodimining har bir harakati ortida inson hayoti turibdi”, — dedi Prezident.
Shu bois kadrlar tayyorlash jarayoni klinik amaliyot bilan uzviy bog‘lanadi. Kelasi yildan talabalar haftasiga uch kun bemorlar bilan ishlashni o‘rganadi, bitiruvchilar esa oxirgi o‘quv yilini to‘liq tibbiyot muassasasida amaliyot o‘tashga bag‘ishlaydi.
Tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish choralari ham belgilanmoqda. Bakalavriatni bitirgan hamshira va tibbiyot oliygohlarining tegishli yo‘nalishlari bitiruvchilariga 1,5 million so‘m, magistraturani tugatganlarga 2,5 million so‘m qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Oilaviy shifokorlik yo‘nalishidagi tor soha mutaxassislari uchun ustama 5,5 million so‘mni tashkil etadi.
Prezident 2027-yildan oliygohlarda tor mutaxassisliklar bo‘yicha rezidentura ta’limi bepul bo‘lishini ma’lum qildi. Talabalarga 3 million so‘m stipendiya to‘lanadi.
Rezidenturada o‘qish yo‘nalishga qarab ikki yildan besh yilgacha davom etadi. Xususan, oilaviy shifokorlik bo‘yicha ta’lim ikki yil, jarrohlik bo‘yicha esa besh yil etib belgilanadi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalariga klinikalar biriktirilib, “universitet klinikasi” tizimi joriy etilgan. Endilikda tibbiyot sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning 80 foizi oliygohlar klinikalarida o‘tkazilishi kerak.
Tadqiqotlarda tashxis aniqligini oshirish, davolash samaradorligini yaxshilash va asoratlarni kamaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.








