Madaniyat

Bokuda O‘zbekiston va Ozarbayjonning mushtarak tarixiy merosi va ilmiy hamkorligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi

Anjumanda ikki mamlakat olimlari tarixiy aloqalar, buyuk allomalar merosi va ilmiy-tadqiqot hamkorligini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Bokuda O‘zbekiston va Ozarbayjonning mushtarak tarixiy merosi va ilmiy hamkorligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi

 

2026-yil 26-oktabr kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahridagi Xalqaro Mug‘om markazida “O‘zbekiston va Ozarbayjon: mushtarak tarixiy meros, islom sivilizatsiyasi va zamonaviy ilmiy hamkorlik” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirda ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy va ma’naviy aloqalarni chuqur o‘rganish, buyuk allomalar merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, ilmiy-tadqiqot hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

 

Anjumanda O‘zbekistonning Ozarbayjondagi favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov, Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi prezidenti Iso Habibbeyli, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari, muzeylar rahbarlari, olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etdi.

 

Tadbir avvalida O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlariga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati haqidagi hujjatli film taqdim qilindi. Markaz nashrlaridan tashkil etilgan kitoblar ko‘rgazmasi mehmonlarga mamlakatimizning boy tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosi bilan tanishish imkonini berdi.

 

Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonov ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, mushtarak qadriyatlar va strategik sheriklik munosabatlarining ahamiyatini ta’kidladi.

 

U Buyuk ipak yo‘li asrlar davomida xalqlar o‘rtasida bilim, ilmiy yutuqlar va madaniy tajriba almashinuviga xizmat qilganini qayd etdi. Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Nizomiy Ganjaviy, Imodiddin Nasimiy va Muhammad Fuzuliy kabi allomalarning merosi ikki xalqni birlashtiruvchi umuminsoniy boylik ekanini ta’kidladi.

 

Elchining qayd etishicha, bugungi kunda ham olimlar, tadqiqotchilar va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, yosh tadqiqotchilar uchun dasturlar tashkil etish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.

 

Bahrom Ashrafxonov Islom sivilizatsiyasi markazini ilmiy va madaniy muloqot uchun yangi maydonga aylantirish, Boku va Toshkent o‘rtasidagi ilmiy, madaniy hamda gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash zarurligini qayd etdi.

 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov o‘z nutqida markazning asosiy g‘oyasi, ilm-ma’rifatni targ‘ib etish va ajdodlar merosini kelajak avlodlarga yetkazishdagi o‘rniga to‘xtaldi.

 

U O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi tarixiy aloqalar islomdan oldingi davrlarga borib taqalishini, keyingi asrlarda esa islom sivilizatsiyasi bu aloqalarni yanada boyitganini ta’kidladi. Olimlar bir-biridan o‘rgangan, kitoblar turli yurtlarga tarqalgan, bir hududda shakllangan ilmiy va adabiy g‘oyalar boshqa hududlarda rivojlangan.

 

Abduxoliqov Ibn Sino va uning ozarbayjonlik shogirdi Bahmanyor, Nasiriddin Tusiyning Marog‘adagi hamda Mirzo Ulug‘bekning Samarqanddagi ilmiy maktablarini ikki xalq o‘rtasidagi ilmiy bog‘liqlikning yorqin misollari sifatida keltirdi.

 

Shuningdek, Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si Alisher Navoiy ijodiga ilhom bergani, Navoiy turkiy tilda o‘z “Xamsa”sini yaratgani va uning ijodi ozarbayjon shoiri Kishvariyga ta’sir ko‘rsatganini qayd etdi.

 

Nutqda Toshkentda saqlanayotgan, Navoiy va Fuzuliy asarlari bir muqovada jamlangan qo‘lyozma ham alohida tilga olindi. Markaz direktori bu misol ikki xalq adabiy merosi o‘rtasidagi uzviy aloqalarni namoyon etishini ta’kidladi.

 

U, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari Shavkat Mirziyoyev hamda Ilhom Aliyev o‘rtasidagi ishonch va amaliy hamkorlik tarixiy yaqinlikni bugungi kunda ham mustahkamlab borayotganini qayd etdi. Fuzuliy shahridagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktabning ikki davlat rahbari ishtirokida ochilgani tarixiy meros bilan zamonaviy ta’lim o‘rtasidagi bog‘liqlikning namunasi sifatida keltirildi.

 

Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov ham so‘zga chiqdi. U O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarda tarixiy yaqinlik, mushtarak madaniyat, ma’naviy qadriyatlar va umumiy madaniy makon muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

 

U Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviyning merosi turkiy xalqlar o‘rtasidagi diniy va ma’naviy aloqalar asrlar davomida mustahkam bo‘lganini ko‘rsatishini qayd etdi. Buyuk mutafakkirlarning ma’naviy kamolot, insonparvarlik va axloqiy tamoyillarga oid qarashlari bugun ham dolzarbligini saqlab qolayotgani ta’kidlandi.

 

Homidjon Ishmatbekov O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ozarbayjonning diniy muassasalari va ulamolari bilan diniy-ma’naviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

 

Tadbirning muhim natijalaridan biri O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanishi bo‘ldi.

 

Kelishuv tarixiy merosni birgalikda o‘rganish, ilmiy muassasalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

 

Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi prezidenti Iso Habibbeyli o‘z nutqida ikki mamlakatni turli davrlar, sulolalar, umumiy tarix, din, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar bog‘lab kelganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, olimlar va tadqiqotchilarning o‘zaro tashriflari, ilmiy uchrashuvlar hamda xalqaro konferensiyalar hamkorlikni izchil rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

 

Habibbeyli O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini nafaqat O‘zbekiston, balki butun turkiy dunyo uchun ahamiyatli loyiha sifatida baholadi. Uning fikricha, boy tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar va yosh avlodga mos shakllarda taqdim etish alohida ahamiyatga ega.

 

Anjuman doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjonning musiqiy merosi, xususan, ozarbayjon mug‘omi va o‘zbek maqomi o‘rtasidagi mushtaraklik ham e’tirof etildi. Milliy musiqa an’analari ikki xalqning ma’naviy yaqinligini ifodalovchi muhim madaniy boylik sifatida namoyon bo‘ldi.

 

Tadbir yakunida Ozarbayjon mug‘omi va o‘zbek maqomi ijrochilari ishtirokida konsert dasturi tashkil etildi. Milliy san’at namunalari xalqlarning boy madaniy merosi va umumiy ma’naviy qadriyatlarini yana bir bor namoyon etdi.

 

Bokuda o‘tkazilgan xalqaro anjuman O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash, buyuk ajdodlar merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish hamda zamonaviy ilmiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.

BERNAMA: "O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tadqiqotlar uchun BMT arxivlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi"

BERNAMA: "O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tadqiqotlar uchun BMT arxivlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi"

Malayziyaning BERNAMA milliy axborot agentligi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy hamkorligi va BMT kutubxonasi hamda arxivlaridan foydalanish imkoniyatiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qildi.

Islom sivilizatsiyasi markazi Jenevadagi BMT qarorgohida Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy merosini taqdim etdi

Islom sivilizatsiyasi markazi Jenevadagi BMT qarorgohida Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy merosini taqdim etdi

Tadbirda Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosi, mintaqaning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi hamda xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Ko‘rgazmada taqdim etilgan kitoblar BMT kutubxonasiga sovg‘a qilindi.

Amir Temur va Temuriylar merosi: Fransiyada xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi

Amir Temur va Temuriylar merosi: Fransiyada xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi

Unda Sohibqiron va Temuriylar merosi, shuningdek, O‘zbekiston va Fransiya olimlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston prezidenti tashabbusidan — Parijdagi xalqaro muloqotgacha: Islom sivilizatsiyasi markazi UNESCOda Movarounnahr allomalari merosini taqdim etdi

O‘zbekiston prezidenti tashabbusidan — Parijdagi xalqaro muloqotgacha: Islom sivilizatsiyasi markazi UNESCOda Movarounnahr allomalari merosini taqdim etdi

Unda 300 dan ortiq olim, diplomat va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Moskvada O‘zbekiston nafasi: “Madaniyat kunlari” yuqori notada o‘tdi

Moskvada O‘zbekiston nafasi: “Madaniyat kunlari” yuqori notada o‘tdi

Rossiyada uchinchi bor “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tashkil etilib, tadbirlar davomida yurtdoshlar bilan uchrashuvlar, madaniy hamkorlik muzokaralari va o‘zbek san’ati namoyishlari o‘tkazildi.

Turk kinosi yulduzlari Toshkentda: kino kunlari boshlanadi

Turk kinosi yulduzlari Toshkentda: kino kunlari boshlanadi

25–29-sentabr kunlari Toshkentda “Turk kinosi kunlari” bo‘lib o‘tadi. Tadbirning ochilish marosimida Engin Altan Duzyatan, Ozge Gurel, Serkan Chayoglu va Deniz Barut o‘zbekistonlik muxlislar bilan uchrashadi.

Koreyada O‘zbekiston nafasi: milliy sanʼat va madaniyat namoyishi

Koreyada O‘zbekiston nafasi: milliy sanʼat va madaniyat namoyishi

Joriy yilning 14–21-sentyabr kunlari Koreya Respublikasining Kochang, Boryon, Seul, Chonju, Andong va Sunchon shaharlarida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” o‘tkazilmoqda.

O‘zbek ohanglari London sahnalarida: yangi musiqiy hamkorlikka start berildi

O‘zbek ohanglari London sahnalarida: yangi musiqiy hamkorlikka start berildi

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya musiqa sanʼati, taʼlimi va industriyasi sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.