Toshkent havosi nega ifloslanmoqda? Sabablar laboratoriyada o‘rganilmoqda
Mutaxassislar havo ifloslanishiga ta’sir qiluvchi omillarni, jumladan, inson faoliyati va meteorologik sharoitlarni tahlil qilmoqda.

Atmosfera havosining ifloslanishi, ayniqsa, kuz-qish mavsumida dolzarb ekologik muammolardan biri hisoblanadi. Uni samarali hal qilish uchun ifloslanish manbalari va bunga ta’sir qiluvchi omillarni aniqlash muhim.
Shu maqsadda Prezident farmoni bilan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tasarrufida Ixtisoslashtirilgan atmosfera laboratoriyasi markazi tashkil etilgan.
Markaz rahbari, texnika fanlari doktori Zikrilla Alimovning ta’kidlashicha, laboratoriyada ilg‘or xalqaro tajriba va zamonaviy uskunalar yordamida atmosferani ifloslantiruvchi moddalarning kelib chiqish manbalari o‘rganilmoqda. Tadqiqotlar havo ifloslanishiga qaysi omillar ko‘proq ta’sir qilayotganini aniqlashga xizmat qiladi.
Ayni paytda Toshkent shahrining barcha tumanlaridan maxsus filtrlar yordamida havo namunalari olinib, laboratoriyada tahlil qilinmoqda. Jarayonda ifloslantiruvchi moddalarning manbalari, ularning havo sifatiga ta’siri va meteorologik sharoitlar bilan bog‘liq jihatlar o‘rganilmoqda. Kelgusida ushbu tajribani respublika bo‘ylab keng joriy etish rejalashtirilgan.
Mutaxassislar havo sifatiga nafaqat inson faoliyati, balki ob-havo sharoiti ham ta’sir qilishini qayd etmoqda. Masalan, uzoq vaqt yog‘ingarchilik bo‘lmasligi havodagi chang miqdorini oshirishi mumkin. Harorat inversiyasi paytida esa yerga yaqin havo qatlamida ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishi cheklanib, ularning to‘planishi kuchayadi.
Tadqiqotlardan ko‘zlangan maqsad — havo ifloslanishining asosiy sabablarini aniqlash, uning oldini olish va salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan ilmiy asoslangan choralarni ishlab chiqish.








