Chet elda ishlash uchun kamida 18 yoshga to‘lish kerak: Tojikistonda yangi qonun kuchga kirdi
Yangi talab mamlakat fuqarolari va Tojikistonga ishlash uchun keladigan xorijliklarga ham tegishli.

Tojikistonda fuqarolarning chet elga ishlash uchun chiqishiga doir minimal yosh talabi joriy etildi. Yangi qonunga ko‘ra, Tojikiston fuqarolari mehnat migratsiyasiga faqat 18 yoshga to‘lganidan keyin borishi mumkin.
Tegishli talab Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 21-oktyabr kuni imzolagan yangi “Migratsiya to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan. Hujjat parlamentning “Sadoi Mardum” gazetasida e’lon qilingan.
Qonunning 16-moddasiga muvofiq, mehnat migratsiyasiga migrantlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinadigan davlatlarga ruxsat etiladi. Bunday himoya Tojikiston va qabul qiluvchi mamlakatlar o‘rtasidagi xalqaro hamda ikki tomonlama shartnomalar bilan ta’minlanishi mumkin.
18 yoshga to‘lish talabi Tojikistonga ishlash uchun keladigan xorijiy fuqarolarga ham tatbiq etiladi.
Yangi qonun Tojikiston fuqarolarining xorijda ish topishi uchun ikkita asosiy yo‘lni nazarda tutadi: mustaqil ravishda ish qidirish yoki vakolatli agentliklar va boshqa tashkilotlar orqali uyushgan holda ishga joylashish.
Mustaqil ish qidirayotgan fuqarolarga migratsiya sohasidagi vakolatli davlat organi bepul ma’lumot taqdim etishi shart. Bunda bo‘sh ish o‘rinlari, ish haqi, mehnat sharoitlari, ish beruvchining talablari, shuningdek, boriladigan mamlakatning qonun-qoidalari haqida axborot beriladi.
Yangi qonunda xorijda vafot etgan Tojikiston fuqarolarining jasadlarini vatanga qaytarishga davlat organlari ko‘maklashishi ham belgilangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda qariyb 350 ming Tojikiston fuqarosi mehnat migranti hisoblanadi. Ularning aksariyati Rossiya, Qozog‘iston va boshqa MDH mamlakatlarida ishlaydi.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda migrantlar pul o‘tkazmalari Tojikiston yalpi ichki mahsulotining qariyb 46 foizini tashkil etishi kutilgan.








