O‘zbekiston bilan chegarada yangi talab: Qozog‘iston chegarasida navbat band qilish pulli bo‘ladi
Belgilangan vaqtda ketma-ket ikki marta kelmagan tashuvchilarning depoziti davlat budjetiga o‘tkaziladi.

2026-yil 9-noyabrdan boshlab Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan chegarasidagi uchta nazorat-o‘tkazish punktida elektron navbatni band qilish uchun 20 AEK, ya’ni 86 500 tenge miqdorida kafolat puli to‘lash talab etiladi. Bu haqda Qozog‘istonning Turkiston viloyati Davlat daromadlari departamenti ma’lum qildi.
Yangi tartib xalqaro yuk tashuvchilarga tegishli bo‘lib, “Kazygurt”, “B. Konysbayeva” va “Atameken” nazorat-o‘tkazish punktlarida amal qiladi.
Elektron navbatni band qilish uchun tashuvchining maxsus elektron hisobida belgilangan miqdorda mablag‘ bo‘lishi kerak. Agar transport vositasi belgilangan vaqtda nazorat-o‘tkazish punktiga yetib kelsa, depozit tashuvchiga avtomatik ravishda to‘liq qaytariladi.
Biroq tashuvchi 90 kalendar kun ichida belgilangan vaqtda ketma-ket ikki marta nazorat-o‘tkazish punktiga kelmasa, kafolat puli qaytarilmaydi va davlat budjetiga o‘tkaziladi.
Qozog‘iston tomoni ushbu chora chegara punktlarida sun’iy navbatlar paydo bo‘lishining oldini olish va xalqaro tashuvchilarning mas’uliyatini oshirishga qaratilganini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda 2026-yilda bir oylik hisoblash indeksi 4 325 tenge etib belgilangan. Shu sababli 20 AEK 86 500 tengega teng.








