Eron bilan urush AQShga qimmatga tushmoqda: xarajatlar 47,1 mlrd dollarga yetdi
Pentagonning hisob-kitobiga ko‘ra, mablag‘ning 60 foizdan ortig‘i o‘q-dorilarga sarflangan.

AQShning Eronga qarshi harbiy amaliyotlari uchun sarflagan xarajatlari 47,1 milliard dollarga yetdi. Pentagonning Kongressga taqdim etgan hisobotiga tayanib, The New York Times nashri xabar berdi. Shu bilan birga, Donald Tramp ma’muriyati mojaro xarajatlarini qoplash va harbiy salohiyatni tiklash uchun yana 70 milliard dollargacha mablag‘ so‘ramoqda.
AQSh Mudofaa vazirligining 16-oktyabr holatidagi hisob-kitoblariga ko‘ra, umumiy xarajatlarning 60 foizdan ortig‘i bombalar, raketalar va boshqa o‘q-dorilar xaridiga sarflangan. Pentagonning avvalgi hisoboti e’lon qilinganidan keyingi qariyb olti hafta ichida xarajatlar yana 3,5 milliard dollarga oshgan.
Hisobotda keltirilishicha, AQSh havo kuchlari qiruvchi va bombardimonchi samolyotlar eskadronlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 7,6 milliard dollar sarflagan. Dengiz kuchlari Eron yaqinida, jumladan, aviatashuvchilarni o‘z ichiga olgan 20 dan ortiq harbiy kemani joylashtirishga 1,5 milliard dollar yo‘naltirgan.
AQSh armiyasining mintaqadagi qo‘shinlarini saqlash xarajatlari 2,1 milliard dollarni tashkil etgan. Bundan tashqari, shikastlangan yoki yo‘q qilingan jangovar samolyotlar va boshqa harbiy texnika o‘rnini to‘ldirish uchun 6,1 milliard dollar sarflangan.
Urush 28-fevralda boshlanganidan buyon o‘q-dorilarga jami 29 milliard dollar yo‘naltirilgan. Nashrning yozishicha, bu xarajatlar Patriot havo mudofaa raketalari kabi ayrim muhim qurol tizimlari zaxirasining kamayishiga va AQShning Osiyo hamda Yevropadagi harbiy qo‘mondonliklaridan resurslarni qayta taqsimlash zaruratiga olib kelgan.
Shuningdek, mintaqada bir necha ming maxsus operatsiya kuchlarini joylashtirish va qo‘llab-quvvatlash uchun 645 million dollar sarflangan.
The New York Times xabariga ko‘ra, Kongress vakillari Pentagon taqdim etgan hisob-kitoblar ayrim xarajatlarni qamrab olmagan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Jumladan, yoqilg‘i va boshqa ehtiyojlar uchun mo‘ljallangan 1,5 milliard dollar hisobga kiritilmagani aytilgan.
Hisobotda Eron hujumlari oqibatida shikastlangan yoki vayron bo‘lgan AQSh harbiy inshootlarini, jumladan, Bahrayndagi Manama dengiz bazasini tiklash xarajatlari ham aks etmagan. Qonunchilar hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu obyektlarni qayta tiklashga qaror qilinsa, qo‘shimcha xarajatlar o‘nlab milliard dollarga yetishi mumkin.
Pentagon rahbari Pit Xegset va Tramp ma’muriyati urush bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, yangi qurol-yarog‘ va harbiy xizmatchilar bilan ta’minlash uchun 70 milliard dollargacha favqulodda mablag‘ so‘ramoqda.








