Havo ifloslanishi xavfli chegaradan to‘rt baravar oshdi: aholiga kislorod avtobuslarda berilmoqda
Indoneziyada o‘rmon yong‘inlaridan tarqalgan quyuq tutun sababli nafas yo‘llari kasalliklari ko‘paymoqda.

Indoneziyada o‘rmon yong‘inlari tufayli havo sifati keskin yomonlashgani va nafas yo‘llari kasalliklari ko‘paygani sababli aholiga bepul kislorod beruvchi maxsus avtobuslar yo‘lga qo‘yildi. Avgust oyidan 25-oktyabrgacha mamlakatda yong‘inlar bilan bog‘liq qariyb 350 mingta nafas yo‘llari kasalliklari holati qayd etilgan.
The Independent nashrining yozishicha, Markaziy Kalimantan provinsiyasidagi Palangka Raya shahri ma’muriyati kislorod ballonlari va tibbiyot xodimlari bilan jihozlangan avtobusni ishga tushirgan. Unda nafas olishda qiynalayotgan fuqarolarga maxsus naycha orqali 5–10 daqiqa davomida kislorod beriladi.
Indoneziyada, ayniqsa, Sumatra va Borneo orollarida mavsumiy o‘rmon yong‘inlari tez-tez sodir bo‘ladi. Joriy yildagi yong‘inlar esa qariyb 11 yildagi eng kuchlilaridan biri bo‘ldi. Yong‘inlardan tarqalgan tutun mamlakat ichida nafas yo‘llari kasalliklarini ko‘paytirgan, shuningdek, Singapur va Malayziyada havo sifatining keskin yomonlashishiga sabab bo‘lgan.
Xabarlarga ko‘ra, Borneo va Sumatra hududlarida havo ifloslanishi indeksi 1 000 balldan oshgan. Bu xavfli deb hisoblanadigan 300 ballik chegaradan to‘rt baravardan ham yuqori.
Markaziy Kalimantan provinsiyasi sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bepul kislorod xizmatidan kamida 127 nafar bemor foydalangan. Shuningdek, aholi va yong‘inlarni o‘chirishda qatnashayotgan xodimlar uchun “kislorod uyi” ham tashkil etilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, avgustdan 25-oktyabrgacha mamlakatda yong‘inlar bilan bog‘liq qariyb 350 mingta nafas yo‘llari kasalliklari holati qayd etilgan. Shundan taxminan 31 mingi Markaziy Kalimantan provinsiyasiga to‘g‘ri keladi.
Tutun oqibatida nafas olishda qiynalayotgan aholiga yordam berish uchun tibbiyot xodimlari avtobusda bemorlarni ro‘yxatga olib, ularga kislorod bermoqda. Xizmatdan foydalangan mahalliy aholi vakillari yo‘tal, ko‘krak siqilishi va nafas qisishi kabi alomatlar kuzatilayotganini bildirgan.
Ayni paytda mamlakatda hukumatning yong‘inlarga qarshi choralarini kuchaytirish talabi bilan norozilik namoyishlari ham o‘tkazilmoqda. O‘tgan hafta minglab namoyishchilar favqulodda holat e’lon qilinishini talab qilgan. Ularning fikricha, bu qaror qo‘shimcha mablag‘ ajratish va aholining tibbiy xarajatlarini qoplashga yordam berishi mumkin. Prezident Prabovo Subianto esa hozircha bunday qaror qabul qilmagan.








