AQSH Eronga qarshi yangi zarbalarga tayyorlanmoqda — WSJ
Yangi harbiy kampaniya Tehronning harbiy salohiyatini zaiflashtirish va uni muzokaralarga qaytarishga qaratilishi mumkin.

AQSH rasmiylari Fors ko‘rfazidagi bir nechta arab davlatlarini 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Kongress saylovlaridan keyin Eronga qarshi qisqa, ammo shiddatli harbiy kampaniya boshlanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Bu haqda The Wall Street Journal xabardor manbalarga tayanib yozdi.
Operatsiyaning maqsadi Tehronning harbiy salohiyatini zaiflashtirish va Eron rahbariyatini muzokaralar stoliga qaytarishdan iborat bo‘lishi mumkin.
Xabarga ko‘ra, AQSH harbiylari mintaqadagi tayyorgarlikni kuchaytirmoqda. Texasdan Isroilga qo‘shimcha Patriot havo mudofaa tizimi yuborilmoqda, ayrim harbiy xizmatchilar zaif bazalardan olib chiqilgan. Shuningdek, mintaqadagi AQSH kuchlari o‘q-dorilar zaxirasini to‘ldirmoqda, bombardimonchi va qiruvchi samolyotlar ehtimoliy zarbalarga tayyorlanmoqda.
The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, Donald Tramp Eronga qarshi yangi operatsiya bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilmagan. Biroq u saylovlardan keyin Eron infratuzilmasi va yadroviy obyektlariga zarbalar berish variantiga moyil ekani aytilmoqda. Harbiy harakatlar o‘rniga diplomatik kelishuvga erishish imkoniyati ham saqlanib qolmoqda.
Eron esa yangi hujum yuz bergan taqdirda mintaqadagi iqtisodiy va fuqarolik infratuzilmalariga zarba berish bilan javob qaytarishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Shu sababli yangi harbiy kampaniya mintaqadagi mojaroning yanada keskinlashishiga olib kelishi ehtimoli bor.








