Ebola xavfi sabab AQSHga kirish talablari o‘zgarmoqda: o‘zbekistonliklar ogohlantirildi
Talab 2026-yil 3-noyabrdan kuchga kiradi.

2026-yil 3-noyabrdan boshlab xorijiy davlatlardan AQSHga uchadigan barcha yo‘lovchilar, jumladan tranzit yo‘lovchilar ham maxsus deklaratsiya to‘ldirishi shart bo‘ladi.
“Uzbekistan Airways” matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) tomonidan joriy etilayotgan talabga muvofiq, har bir yo‘lovchi parvozdan oldingi 21 kun davomida Kongo Demokratik Respublikasi hududida bo‘lmaganini tasdiqlashi kerak.
Deklaratsiyani qog‘oz yoki elektron shaklda to‘ldirish va imzolash mumkin. Kongo Demokratik Respublikasi aeroporti orqali tranzitdan o‘tish, hatto yo‘lovchi samolyot yoki aeroportni tark etmagan bo‘lsa ham, ushbu mamlakat hududida bo‘lganlik hisoblanadi.
18 yoshga to‘lmagan yo‘lovchilar uchun deklaratsiyani ota-onasi, vasiysi yoki boshqa vakolatli shaxs to‘ldiradi va imzolaydi.
Deklaratsiyani taqdim etmagan yo‘lovchilar reysga qo‘yilmaydi. Bila turib yolg‘on ma’lumot berish esa AQSH qonunchiligiga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Yo‘lovchilarga talablar bilan oldindan tanishish va deklaratsiyani aeroportga kelishdan avval tayyorlab qo‘yish tavsiya etilgan.








