Toshkent havosi “nosog‘lom” deb baholandi: 30 ta qurilish kompaniyasi ogohlantirildi
Havo ifloslanishiga qarshi choralar kuchaytirildi.

Toshkentda havo sifatini nazorat qilish davom etmoqda. 28-oktabr kuni soat 22:00 holatiga ko‘ra, poytaxtdagi havo sifati “nosog‘lom” deb baholangan.
Mutaxassislar buni kechasi yuzaga kelgan kuchli harorat inversiyasi, quruq havo va yog‘ingarchilik bo‘lmagani bilan izohlagan. Yengil shamol ham mahalliy chiqindilarning shahar atmosferasida to‘planishiga sharoit yaratgan.
Vaziyatni yaxshilash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari va Toshkent shahriga asosiy ko‘chalar hamda yo‘l chetlaridagi qum va changni tozalash, shuningdek, mavjud favvoralar faoliyatini ta’minlash topshirilgan.
Bundan tashqari, 30 ta yirik qurilish kompaniyasiga chang va qum zarralarining havoga tarqalishini kamaytirish bo‘yicha ogohlantirish berilgan. Toshkent va uning atrofidagi yettita issiqlik elektr stansiyasi hamda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi 131 ta yirik iqtisodiy subyektdan atmosferaga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini ikki baravar kamaytirish talab qilingan.
Maxsus ko‘chma laboratoriya korxonalardan atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini kuzatib boradi.
Mutaxassislar havo sifati yomonlashgan davrda bolalar, keksalar, homilador va emizikli ayollar, shuningdek, yurak-qon tomir va nafas olish tizimi kasalliklari bor kishilarga uzoq vaqt ochiq havoda bo‘lmaslik, jismoniy faollikni cheklash va himoya niqoblaridan foydalanishni tavsiya etmoqda.








