Hindistonda Arnab sikloni: qurbonlar bor
Mamlakatning sharqiy sohilida siklon ortidan elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.

Hindistonning Andxra-Pradesh shtatida Arnab sikloni oqibatida kamida olti kishi halok bo‘ldi. Payshanba kuni ham mamlakatning sharqiy sohilidagi ayrim hududlarda elektr ta’minoti tiklanmagan. Bu haqda Reuters xabar berdi.
The Times of India gazetasi mahalliy rasmiylarga tayanib, qurbonlar soni to‘qqiz nafarga yetganini yozdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, odamlar elektr toki urishi, daraxtlar qulashi va uylarning vayron bo‘lishi oqibatida halok bo‘lgan. Biroq shtat hukumati rasmiy qurbonlar sonini olti kishi deb ko‘rsatgan.
Hindiston meteorologiya departamenti Arnab siklonini «juda kuchli tropik siklon» toifasiga kiritgan. U chorshanba kuni erta tongda Andxra-Pradesh sohillariga yetib kelgan.
Shtat bosh vazirining bayonotiga ko‘ra, siklon kamida 15 mingta elektr ustuniga zarar yetkazgan. Konaseem va G‘arbiy Godavari tumanlaridan tashqari, aksariyat hududlarda elektr ta’minoti qayta tiklangan.
Vazir texnologiyalar yordamida siklon eng katta zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan hududlar oldindan aniqlanganini va shu orqali insonlar hayoti hamda mol-mulkiga yetadigan zararni kamaytirish imkoni bo‘lganini ta’kidladi.
Tabiiy ofat yaqinlashishidan oldin Andxra-Pradesh va Odisha shtatlarida 180 mingdan ortiq kishi xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan. Ayrim maktablar yopilgan, ba’zi poyezd va aviareyslar bekor qilingan.
Shuningdek, Andxra-Pradesh sohillari yaqinida Marshall orollari bayrog‘i ostida suzuvchi, 20 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan yuk kemasi sayozlikka kelib qolgan. Dengizdagi noqulay ob-havo sababli kema payshanba kuni ham o‘sha joyda qolgan.








