Saudiya Arabistoni Turkiyaga o‘z hududida harbiy baza qurishni taklif qildi — Hurriyet
Bu baza Turkiyaning Qatardagi harbiy inshootiga o‘xshash bo‘lishi mumkin.

Saudiya Arabistoni Turkiyaga o‘z hududida harbiy baza tashkil etishni taklif qildi. Bu haqda Hurriyet gazetasi xabar berdi.
Qatardagi Turkiya harbiy bazasi 2015-yildan buyon ikki tomonlama kelishuv asosida faoliyat yuritadi. Ochiq manbalarga ko‘ra, u yerda taxminan 3 ming nafar turk harbiy xizmatchisi joylashgan. Baza Qatar Qurolli Kuchlari bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish va harbiy xizmatchilarni tayyorlash uchun ham foydalaniladi.
Hurriyet yozishicha, Saudiya Arabistonida baza tashkil etish masalasi Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasidagi o‘zaro mudofaa kelishuvi Turkiya parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinganidan keyin ko‘rib chiqilishi mumkin. Hujjat parlamentning Tashqi ishlar qo‘mitasida ma’qullangan, endi esa parlament tasdig‘iga muhtoj. Xorijda turk harbiylarini joylashtirish uchun parlament ruxsati va bazani tashkil etishga oid alohida hujjat talab qilinishi mumkin.
Gazetaning qayd etishicha, Turkiya yangi xavfsizlik konsepsiyasi doirasida Afrika va Osiyo kabi mintaqalarda harbiy ishtirokini kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bunda ikki tomonlama kelishuvlar va turli ittifoqlar doirasidagi hamkorlikka tayanish rejalashtirilmoqda.
Hurriyet bu jarayonni AQShning 2027–2028-yillarda Yaqin Sharqdagi bevosita harbiy ishtirokini kamaytirish rejalari bilan ham bog‘laydi. Nashrga ko‘ra, Turkiya o‘z harbiy salohiyatidan nafaqat mamlakat chegaralarini himoya qilish, balki manfaatdor bo‘lgan hududlarda xavfsizlik va diplomatik ta’sirini kuchaytirish uchun ham foydalanishni ko‘zlamoqda.
Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, Turkiyaning 12 mamlakatda harbiy bazalari mavjud. Ularning eng yirigi Shimoliy Kipr Turk Respublikasida joylashgan bo‘lib, u yerda 30 mingdan ortiq turk askari bor. Turkiyaning Qatar, Iroq, Suriya, Somali va Liviyada ham harbiy bazalari mavjud.








