Shimoliy Koreya 10 ga yaqin ballistik raketa uchirdi: Janubiy Koreya harbiylari bayonot berdi
Bu Pxenyanning oktyabr oyidagi uchinchi raketa uchirishi bo‘ldi.

Shimoliy Koreya 29-oktyabr kuni Yapon dengizi tomon 10 ga yaqin qisqa masofali ballistik raketa uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasiga tayanib, Yonhap axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, raketalar Shimoliy Koreyaning janubi-sharqidagi Vonsan port shahri hududidan uchirilgan. Janubiy Koreya va AQSh harbiylari raketalarning uchish masofasi hamda boshqa texnik xususiyatlarini tahlil qilmoqda.
Janubiy Koreya harbiylari uchirishni Pxenyan tomonidan kuch namoyishi bo‘lishi mumkin, deb baholamoqda.
Bu Shimoliy Koreyaning oktyabr oyida ballistik raketalarni uchirish bo‘yicha uchinchi holati hisoblanadi. Avvalgi uchirishlar 3 va 12-oktyabr kunlari amalga oshirilgan.
Avvalgi sinovlardan birida Janubiy Koreya va Yaponiya raketaga qarshi mudofaa tizimlari raketaning o‘zgaruvchan traektoriyasini kuzatishda qiyinchilikka duch kelgani xabar qilingan. Raketani aniqlashdagi muammolar va uning uchish masofasiga oid turli baholar Shimoliy Koreyaning raketaga qarshi mudofaa tizimlarini chetlab o‘tish imkoniyatlari yuzasidan savollarni keltirib chiqargan.
Raketa sinovlari ortidan Pxenyan AQSh va Janubiy Koreyaga nisbatan keskin bayonotlarini ham davom ettirmoqda. Shimoliy Koreya Mudofaa vazirligi sentabr oyida Vashington va Seul harakatlariga javoban mamlakatning yadroviy qurolli kuchlar siyosatiga oid qonun qoidalarini qo‘llashga ruxsat berilganini bildirgan edi.








