Toshkentda noqulay meteorologik sharoit: havo sifati “nosog‘lom” darajada
Ayrim kuzatuv nuqtalarida ifloslanish darajasi “juda nosog‘lom” ko‘rsatkichga yetdi.

29-oktabrdan 30-oktabrga o‘tar kechasi Toshkent shahrida noqulay meteorologik sharoitlar ta’sirida atmosfera havosi sifati yomonlashdi. Kechki soatlarda Xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha ko‘rsatkichlar, asosan, “sezgir guruhlar uchun nosog‘lom”, yarim tundan keyin esa “nosog‘lom” darajada qayd etildi. Ayrim kuzatuv nuqtalarida “juda nosog‘lom” ko‘rsatkichlar ham kuzatildi.
Milliy havo sifati indeksi bo‘yicha shahardagi o‘rtacha PM2.5 ko‘rsatkichi “sariq”, PM10 esa “to‘q sariq” darajada bo‘ldi.
Havo sifati yomonlashishiga haroratning pasayishi, shamolning juda kuchsizligi va kuchli harorat inversiyasi sabab bo‘lgan. Bu omillar atmosferaning quyi qatlamlarida havo almashinuvini cheklab, PM zarrachalari hamda mahalliy chiqindilarning yer yuzasiga yaqin hududda to‘planishiga olib kelgan.
Meteosat tasvirlariga ko‘ra, Toshkent shahri va uning atrofida sezilarli chang o‘choqlari kuzatilmagan. Shu sababli havoning ifloslanishi, asosan, mahalliy manbalar va noqulay meteorologik sharoitlar ta’sirida yuzaga kelgan.
Shuningdek, «Ekologik monitoring milliy markazi» davlat muassasasi mutaxassislari Yunusobod, Olmazor, Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur, Mirobod va Yangihayot tumanlarida atmosfera havosini instrumental o‘lchovlardan o‘tkazdi. Kuzatuvlarda PM2.5 ko‘rsatkichlari, asosan, “nosog‘lom” toifaga mos kelgan.
Prognozlarga ko‘ra, 30-oktabr kuni Toshkentda havo sifati Xalqaro AQI bo‘yicha “nosog‘lom”, milliy indeks bo‘yicha esa, asosan, “sariq” darajada bo‘lishi kutilmoqda.
Hozirda atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda.








