Tadbirkorlar radarlariga yangi vakolat: kamar taqmagan haydovchilar ham aniqlanadi
Tadbirkorlar o‘rnatgan foto va video qayd etish tizimlariga xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalarini buzish holatlarini aniqlashga ruxsat berildi.

Hukumatning 2026-yil 29-oktabrdagi 596-son qarori bilan tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali aniqlanishi mumkin bo‘lgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari doirasi kengaytirildi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab ushbu radarlar haydovchilarning transport vositasini boshqarish va yo‘lovchilar tashishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmasligini ham qayd etishi mumkin.
Buning uchun foto va video qayd etish tizimlari belgilangan umumiy texnik talablarga javob berishi kerak. Jumladan, ular qoidabuzarlik aniqlangan sana va vaqt, sodir etilgan joyning aniq koordinatalari, shuningdek, metrologik qiyoslash guvohnomasining raqami va amal qilish muddatini «Ma’muriy amaliyot» moduliga avtomatik uzatish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.
Bundan tashqari, elektr ta’minotida uzilish yuz berganda tizim kamida 8 soat davomida ishlashini ta’minlaydigan zaxira elektr manbai bilan jihozlanishi kerak.
Xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik holatini qayd etishda yuqori sifatli fotosuratlarda haydovchining yuzi hamda uning xavfsizlik kamarini taqqan yoki taqmagani aniq aks etishi shart.
Qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-apreldagi 232-son qaroriga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.








