Tramp qarorgohiga zenit-raketa majmualari joylashtirildi: xavfsizlik choralari kuchaytirildi
Bu xavfsizlikka tahdidlar kuchaygani haqidagi ogohlantirishlar fonida amalga oshirilgan.

AQSH prezidenti Donald Trampning Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohi hududiga zenit-raketa majmualari joylashtirildi. Bu haqda The Telegraph nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, bu qaror xavfsizlikka tahdidlar kuchaygani haqidagi ogohlantirishlar fonida qabul qilingan. Tramp ham maxsus xizmatlarning xavf haqidagi ogohlantirishidan so‘ng saylovoldi kampaniyasi doirasida rejalashtirilgan ayrim ommaviy tadbirlarni bekor qilgan.
AQSH Maxfiy xizmati vakilining The Telegraph’ga aytishicha, idora yuqori darajadagi tahdidlar sharoitida faoliyat yuritmoqda va qo‘riqlanadigan shaxslar xavfsizligini ta’minlash uchun ilg‘or qurol-yarog‘, texnologiyalar hamda usullardan foydalanmoqda.
Shu hafta Tramp Ayova va Kanzas shtatlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan saylovoldi tadbirlarini bekor qilishini, ularning o‘rniga telemarafonlar tashkil etilishini ma’lum qilgan edi. Biroq 30-oktyabr kuni Oq uy prezident hali ham saylovchilar bilan yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazishga umid qilayotganini bildirdi.
Trampning ish jadvalidan xabardor The Telegraph manbasiga ko‘ra, ikkala miting ham yakshanba kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Xavfsizlik choralari doirasida Tramp Mar-a-Lagoga tashrif buyurgan paytlarda qarorgoh atrofidagi havo hududi ham Maxfiy xizmat so‘roviga binoan cheklanmoqda. Federal sud hujjatlarida idora «nomaqbul tahdidlar», jumladan, terrorchilik tahdidlari haqidagi ma’lumotlar sababli ushbu hududni doimiy ravishda yopishni rejalashtirayotgani qayd etilgan.








