Bangladeshda dang epidemiyasi kuchaymoqda: 418 kishi vafot etdi
Mutaxassislar epidemiya noyabr oyida ham davom etishi, vaziyat dekabrgacha ham yaxshilanmasligini prognoz qilmoqda.

Bangladeshda dang bezgagi epidemiyasi kuchaymoqda. Yil boshidan buyon kasallik oqibatida 418 kishi vafot etdi, 133 mingdan ortiq bemor shifoxonaga yotqizildi. Mutaxassislar virus tarqalishi noyabr oyida ham davom etishi, sezilarli pasayish esa dekabrgacha kuzatilmasligi mumkinligini bildirmoqda.
Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr oyida dang bezgagidan 173 kishi vafot etgan. Bu sentyabr oyidagi 148 ta o‘lim holatidan ko‘p bo‘lib, 2026-yilning hozirgacha eng ko‘p qurbon qayd etilgan oyiga aylangan.
Ayni paytda mamlakat dunyodagi eng yirik qizamiq epidemiyasi bilan ham kurashmoqda. Ushbu kasallik 1 200 nafardan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Ikki epidemiyaning bir vaqtda tarqalishi Bangladesh sog‘liqni saqlash tizimiga qo‘shimcha yuklama tushirmoqda.
Shifokorlarning aytishicha, ko‘plab bemorlar kasallik og‘ir asoratlar bilan kechishni boshlaganidan keyingina shifoxonaga murojaat qilmoqda. Dakkadagi Shahid Suhravardy tibbiyot kolleji va shifoxonasida 279 nafar dang bezgagi bilan kasallangan bemor davolanmoqda. Bir kun ichida muassasaga yana 67 kishi yotqizilgan.
Mutaxassislar kasallikning qayta yuqishi, shuningdek, tashxis qo‘yish va davolashning kechikishi og‘ir holatlar xavfini oshirayotganini ta’kidlamoqda. Dang virusining to‘rtta serotipi ham mamlakatda aylanib yurishi sababli avval kasallangan odam boshqa serotipni qayta yuqtirishi va og‘ir asoratlarga duch kelishi mumkin.
Jahangirnagar universiteti entomologi Kabirul Basharning prognoziga ko‘ra, noyabr oyida kasallanish biroz kamayishi mumkin, biroq virus tarqalishi davom etadi. Uning fikricha, sezilarli yaxshilanish dekabrgacha kuzatilmasligining ehtimoli yuqori.
Mutaxassis buni avvalgi yog‘ingarchiliklar natijasida chivinlar ko‘payishi uchun qulay joylar paydo bo‘lgani bilan izohlagan. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi sababli yog‘ingarchilik va namlik rejimining o‘zgarishi chivinlarning ko‘payish mavsumini uzaytirmoqda.
Reuters xabariga ko‘ra, Bangladeshda hozircha dang bezgagiga qarshi vaksina joriy etilmagan, biroq rasmiylar uni uzoq muddatli chora sifatida qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.








