Narkotik savdosi: transmilliy jinoiy uyushma a’zolari ushlandi
Qo‘lga olingan shaxslar bir yildan buyon O‘zbekiston hududida giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan.

Samarqand viloyatida 235 ming dozaga teng 55 kg 750 gramm opiy va gashish giyohvandlik vositalarining respublika hududida tarqatilishiga chek qo‘yildi. Narkotik moddalarni kontrabanda yo‘li bilan olib kirishga uringan ikki nafar yirik narkokuryer qo‘lga olindi.
Ichki ishlar vazirligi, uning hududiy bo‘linmalari hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida gumondorlar Samarqand viloyatining Toyloq tumani hududidagi dala maydonida qo‘lga olingan.
Ma’lum qilinishicha, ular «Lasetti» rusumli avtomobilda kelib, belgilangan geolokatsiyada yashirib ketilgan 41 kg 200 gramm opiy va 14 kg 550 gramm gashish giyohvandlik vositalarini olayotgan bo‘lgan.
Tezkor surishtiruv natijalariga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxslar bir yildan buyon respublika hududida giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan. Ular keyinchalik narkotik moddalarni qo‘shni respublikada yashovchi rahnamolarining topshirig‘iga binoan, ko‘rsatilgan shaxslarga taqsimlab, hududlarga yetkazishi kerak bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.








