Isroil muxolifati Netanyaxuga qarshi: bosh vazirlikka sobiq harbiy tavsiya qilindi
Biroq yangi hukumatni shakllantirishda arab partiyalari bilan hamkorlik masalasi muxolifat ichidagi asosiy kelishmovchilik bo‘lib qolmoqda.

Isroilda muxolifat partiyalari sobiq armiya bosh shtabi rahbari Gadi Eyzenkotni bosh vazirlikka nomzod sifatida qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi. Besh partiya yetakchisi Binyamin Netanyaxu hukumatini imkon qadar tezroq almashtirish va yangi koalitsiya tuzish niyatida ekanini bildirdi.
3-noyabr kuni Tel-Aviv shimolidagi Gertslia shahrida o‘tkazilgan uchrashuvda Eyzenkot, sobiq bosh vazir Naftali Bennett, “Isroil – bizning uyimiz” partiyasi rahbari Avigdor Liberman, “Demokratlar” partiyasi yetakchisi Yair Golan hamda “Yesh Atid” partiyasi rahbari Yair Lapid ishtirok etdi. Bu 27-oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylovdan keyin muxolifat yetakchilarining ilk qo‘shma uchrashuvi bo‘ldi.
Ular qo‘shma bayonotda barcha partiyalar Eyzenkot nomzodini prezident Isaak Gersogga tavsiya etishini ma’lum qildi. Shuningdek, koalitsiya kelishuvi va yangi hukumat dasturini ishlab chiqish uchun muzokara guruhlari ish boshlashi bildirildi.
Biroq muxolifat arab partiyalari bilan hamkorlik qilish masalasida yakdil emas. Saylov natijalariga ko‘ra, Netanyaxu bloki 53 ta, muxolifat 48 ta, arab partiyalari esa jami 19 ta o‘rinni qo‘lga kiritgan. Knessetda ko‘pchilikni ta’minlash uchun 61 ta mandat zarur. Shu sabab arab deputatlarining qo‘llab-quvvatlashi yangi hukumatni shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.
Muxolifat yetakchilaridan Yair Golan arab partiyalari bilan ittifoq tuzishni ochiq qo‘llab-quvvatlamoqda. Avigdor Liberman esa ularni koalitsiyaga kiritishga qat’iy qarshi. Eyzenkot ilgari surgan tamoyillar orasida hukumat tarkibidagi barcha partiyalar Isroilni yahudiy davlati sifatida tan olishi va HAMASni terrorchilik tashkiloti deb e’tirof etishi talabi ham bor. Bu shartlar ayrim arab partiyalari bilan kelishuvga erishishni qiyinlashtirishi mumkin.
Ayni paytda Netanyaxu ham o‘z rahbarligi ostida keng ko‘lamli milliy hukumat tuzishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, 27 ta mandatga ega “Likud” partiyasi parlamentdagi eng yirik siyosiy kuch bo‘lib qolmoqda. Biroq muxolifat yetakchilaridan hech biri u bilan koalitsiya tuzishga tayyorligini bildirmagan.
Isroil prezidenti Isaak Gersog 4–5-noyabr kunlari partiyalar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazadi. Eyzenkot arab deputatlarining ham qo‘llab-quvvatlashiga erishsa, bosh vazirlikka nomzod sifatida eng ko‘p tavsiyani olishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 27-oktyabr kuni o‘tkazilgan saylovda hech bir siyosiy blok Knessetdagi 120 o‘rindan yetarlisini qo‘lga kirita olmagan.








