Yevropada bomba tahdidlari: beshta samolyot tekshiruvdan o‘tkazildi
Tahdidlar sabab ayrim samolyotlar zaxira aeroportlariga qo‘nishga majbur bo‘ldi, boshqalari esa manziliga yetib borgach tekshirildi.

Yevropaning bir nechta mamlakatida turli aviakompaniyalarga tegishli beshta samolyot bortida portlovchi qurilma borligi haqida xabarlar kelib tushdi. Hodisalar sabab ayrim reyslar boshqa aeroportlarga yo‘naltirildi, bir nechta aeroport faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Ikki tahdid Varshavaga yo‘l olgan samolyotlarga tegishli bo‘lgan. Londondan uchgan LOT aviakompaniyasi samolyoti bomba haqidagi xabardan so‘ng Varshavadagi Frederik Shopen aeroporti o‘rniga Modlin aeroportiga qo‘ndi. Kopengagendan uchgan SAS samolyoti esa belgilangan manzilga yetib borgach, tekshiruvdan o‘tkazildi. Modlin aeroporti faoliyati bir necha soatga to‘xtatildi.
Bundan tashqari, Londondan Sofiyaga uchayotgan Wizz Air samolyoti tahdid sabab Budapeshtga qo‘nishga majbur bo‘ldi. Bolgariya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Sofiyada ham Isroildan kelgan samolyot bomba haqidagi xabar tufayli favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan. Vazirlik xabarida ushbu reysning qayerga yo‘l olgani ko‘rsatilmagan.
Yana bir hodisa Ispaniyaning Mursiya shahrida qayd etilgan. Manchester shahridan kelgan Ryanair samolyoti ham tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Hozircha mazkur hodisalarning o‘zaro bog‘liqligi bor-yo‘qligi noma’lum.








