100 va 200 ming so‘mlik soxta kupyuralar: Angrenda qalbaki pul tayyorlovchilar qo‘lga olindi
Ushbu shaxslar muqaddam sudlangan bo‘lgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari viloyat IIBB bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda qalbaki pul tayyorlash va uni muomalaga kiritish bilan shug‘ullangan ikki nafar shaxsni qo‘lga oldi.
Aniqlanishicha, Angren shahrida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan fuqaro 1997-yilda tug‘ilgan tanishi bilan til biriktirib, shahardagi ko‘p qavatli uylardan birida joylashgan xonadonni ijaraga olgan. Ular ushbu xonadonda qalbaki pul tayyorlash bilan shug‘ullangan.
Xonadonni ko‘zdan kechirish jarayonida yarim tayyor holatdagi 100 ming va 200 ming so‘mlik kupyuralardan iborat jami 79,8 mln so‘mlik qalbaki pullar aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. Shuningdek, “Epson” rusumli rangli printer, uning bo‘yoqlari va kanselyariya jihozlari ham musodara qilingan.
Qayd etilishicha, ushbu shaxslar muqaddam sudlangan bo‘lgan.
Holat yuzasidan ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.








