Yevropada 27 ta aviareysga bomba tahdidi kelib tushdi: qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarildi
Hozircha tahdidlar ortida kim turgani aniqlanmagan, biroq hodisalar Rossiyani Yevropadagi gibrid hujumlarda ayblayotgan rasmiylarning xavotirlarini kuchaytirdi.

Yevropaning bir qator mamlakatlarida payshanba kuni kamida 27 ta yo‘lovchi reysiga bomba qo‘yilgani haqida yolg‘on xabarlar tarqaldi. Hodisalar ayrim samolyotlarning yo‘nalishini o‘zgartirishga, boshqalarining esa qiruvchi samolyotlar kuzatuvida qo‘nishiga sabab bo‘ldi.
Reuters xabariga ko‘ra, Irlandiyadan Bolgariyagacha bo‘lgan hududda qayd etilgan bu holat hafta davomida yuz bergan ikkinchi shunday tahdidlar to‘lqini bo‘ldi. Hozircha biror davlat tahdidlar ortida kim turganini rasman e’lon qilmagan.
Fransiyada Dublindan Rimga uchayotgan Aer Lingus samolyoti qiruvchi samolyotlar kuzatuvida Evro shahridagi harbiy-havo kuchlari bazasiga yo‘naltirildi. Bolgariya harbiy-havo kuchlari esa uchta yo‘lovchi samolyotini kuzatib borgan. Londondan Sofiyaga uchayotgan reys Plovdiv shahriga yo‘naltirilgan.
Ispaniyada Madrid–Parij yo‘nalishidagi ikkita Air Europa reysi va Rim hamda Milandan kelayotgan to‘rtta Iberia reysiga tahdidlar kelib tushgan. Madrid aeroportida ayrim samolyotlar harakati to‘xtatilib, yo‘lovchilar tushirilgan va havo kemalari tekshirilgan.
Polshaning Varshava aeroportida Parijga uchishi kerak bo‘lgan LOT samolyoti uchish oldidan to‘xtatilgan. Daniyaning Kopengagen aeroportida ikkita samolyot tekshirilgan. Shuningdek, Milan–Varshava yo‘nalishidagi Wizz Air reysi Venaga yo‘naltirilgani xabar qilingan.
Reuters suhbatlashgan aviatsiya xavfsizligi mutaxassisi Erik Shoutenning ta’kidlashicha, hodisalardan zarar ko‘rgan mamlakatlarning aksariyati Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi. Uning fikricha, bu holatlarni ehtimoliy gibrid urush ssenariysi doirasida ham ko‘rib chiqish lozim. Biroq hozircha tahdidlar uchun Rossiya yoki boshqa davlat rasman javobgar deb topilmagan.
Hodisalar Yevropada boshqa muhim infratuzilmalarga qarshi kiberhujumlar kuzatilayotgan bir paytda yuz bermoqda. Xususan, shu hafta noma’lum xakerlar bir nechta Yevropa mamlakatidagi supermarketlarning sovutish tizimlarini ishdan chiqargan. Fransiyadagi qon banklari ham kiberhujumlardan zarar ko‘rgan.
Aviatsiya kiberxavfsizligi bo‘yicha Cyviation kompaniyasi rahbari Eliran Almogning aytishicha, samolyotlarga qarshi yolg‘on tahdidlar nafaqat parvozlar faoliyatini izdan chiqarish, balki aviakompaniyalar va davlat idoralarining bunday vaziyatlarga qanday munosabat bildirishini kuzatish uchun ham uyushtirilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, seshanba kuni ham Yevropada kamida yettita aviareys va bitta kruiz kemasiga bomba qo‘yilgani haqida yolg‘on xabarlar tarqalgan edi.







