Trampning oilaviy biznesidan Oq uydagi qurilishlargacha: demokratlar tekshiruv o‘tkazmoqchi
Demokratlar Kongressda nazoratini qo‘lga kiritgach, AQSh prezidenti, uning oilasi va ma’muriyati faoliyatini bir qator yo‘nalishlarda tekshirishni rejalashtirmoqda.

Demokratlar noyabrdagi oraliq saylovlarda Kongressning har ikki palatasida ko‘pchilik o‘rinlarga ega bo‘ldi. Ular 2027-yil yanvarida palatalar ustidan nazoratni qo‘lga kiritgach, AQSh prezidenti Donald Tramp, uning oilasi va ma’muriyati faoliyatini bir qator yo‘nalishlarda tekshirishni rejalashtirmoqda. Surishtiruvlar Tramp oilasining biznes manfaatlari, moliyaviy kelishuvlar, Jeffri Epshteyn ishi va immigratsiya xizmati faoliyatini qamrab olishi mumkin. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
Demokratlar Kongressning har ikki palatasida ko‘pchilikka aylanishi ortidan qo‘mitalarning tekshiruv vakolatlari va qo‘shimcha resurslaridan foydalanishni rejalashtirmoqda. Ularning ta’kidlashicha, Tramp va unga yaqin shaxslar davlat manfaatlari hisobiga shaxsiy boyligini oshirgan bo‘lishi mumkin. Prezident va Oq uy esa qonunbuzarlik haqidagi ayblovlarni rad etib kelmoqda.
Vakillar palatasidagi demokratlar yetakchisi Hakim Jeffris Tramp prezidentlikka qaytganidan keyin uning oilasi boyligi qanday oshganini o‘rganish uchun keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazilishini bildirdi. U Trampga nisbatan uchinchi marta impichment jarayonini boshlash ehtimolini ham istisno etmadi. Biroq hozircha demokratlarning asosiy e’tibori tergov va parlament nazoratiga qaratilgan.
Vakillar palatasining Nazorat va hukumat islohoti qo‘mitasidagi demokratlar yetakchisi Robert Garsiya beshta ustuvor yo‘nalishni belgilagan. Ular orasida Tramp oilasining biznes faoliyati, AQSh ma’muriyatining Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha harakatlari va Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) operatsiyalari bor.
Bundan tashqari, demokratlar Trampning Oq uydagi bal zali qurilishi, boshqa qurilish loyihalari hamda uning oilasining foydali qazilmalar bilan bog‘liq kelishuvlardagi ishtirokini ham tekshirmoqchi.
Senatda ham bir qator surishtiruvlar rejalashtirilmoqda. Senator Richard Blumental Trampning ko‘chmas mulk loyihalari va maxsus vakil Stiv Uitkoff bilan bog‘liq kriptovalyuta kelishuvlarini o‘rganish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Shuningdek, ICE reydlari, Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) faoliyati va Medicare dasturlari bo‘yicha parlament eshituvlari o‘tkazilishi mumkin.
Senat Moliya qo‘mitasiga rais bo‘lishi kutilayotgan Ron Uayden esa Epshteynning moliyaviy operatsiyalaridagi shubhali holatlarga e’tibor bermagan banklar va Tramp ma’muriyati bilan aloqalari orqali foyda ko‘rgan farmatsevtika kompaniyalarini tekshirishni rejalashtirmoqda.
AP agentligi o‘tkazgan 100 mingdan ortiq saylovchi ishtirokidagi so‘rovga ko‘ra, respondentlarning qariyb yarmi Kongress saylovlarida ovoz berish qaroriga hukumatdagi korrupsiya hal qiluvchi darajada ta’sir qilganini bildirgan. Ularning aksariyati demokrat nomzodlarni qo‘llab-quvvatlagan.
Oq uy esa demokratlarning rejalashtirilayotgan tekshiruvlariga qarshi chiqdi. Prezident matbuot kotibi Loren Bis demokratlar «soxta tekshiruvlar» va radikal siyosatni tanlasa, bu Amerika xalqiga qarshi harakat bo‘lishini aytdi.
Shu bilan birga, demokratlar tekshiruvlar orqali korrupsiya masalasining oddiy amerikaliklar hayotiga ta’sirini ham ko‘rsatmoqchi. Ularning fikricha, korrupsiya soliq to‘lovchilarga qo‘shimcha yuk bo‘lishi va aholining kundalik xarajatlariga ta’sir qilishi mumkin.
Senator Piter Uelch esa tekshiruvlar qasos olish vositasiga aylanmasligi kerakligini bildirdi. Uning fikricha, demokratlar bu jarayonda ehtiyotkor va asosli harakat qilishi lozim.







