Shveytsariya sanksiyalar ro‘yxatini yangiladi: Alisher Usmonov undan chiqarildi
Rossiyaga qarshi cheklovlar ro‘yxatiga yana 254 ta shaxs va tashkilot qo‘shildi.

Shveytsariya rossiyalik milliarderlar Alisher Usmonov va Mixail Fridmanga, shuningdek, yana bir qator shaxslar va tashkilotlarga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qildi. Bu haqda mamlakatning Iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati xabar berdi.
Cheklovlardan Vernadskiy nomidagi Qrim federal universitetining sobiq rektori Andrey Falaleyev hamda Redbird Corporate Services Ltd. kompaniyasi ham chiqarilgan. Tegishli o‘zgarishlar 2026-yil 4-noyabrdan kuchga kirgan.
Bundan tashqari, uch kishi vafot etgani sababli sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilgan. Ular — Davlat Dumasi sobiq deputati Yuriy Shvitkin, dizayner Aleksandr Leonov va Eron harbiy rahbari Alireza Tangsiri.
Shu bilan birga, Shveytsariya Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini 254 ta jismoniy va yuridik shaxsga kengaytirdi. Yangi ro‘yxatga Rossiyaning 33 ta banki, uchinchi davlatning bitta banki, 17 ta moliya muassasasi va kriptoxizmat provayderlari, uchinchi mamlakatlarning beshta kompaniyasi, shuningdek, Rossiyaning to‘rtta aeroporti va ikkita porti kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi ham Alisher Usmonov va Mixail Fridmanga nisbatan sanksiyalarni bekor qilgan edi. Shuningdek, Germaniya Oliy sudi Usmonovning Yevropa Kengashiga qarshi da’vosini bloklashni noqonuniy deb topgan.






